@zarafshonbot‘ga murojaat: Yo‘ldagi ko‘lmak sabab izza bo‘ldim, suvchilar, yo‘lsozlar-chi?
Bugun ertalab bo‘ldi bu voqea... Mashinada ishga keta turib maktabga borayotgan bir bolaning kiyimini rasvo qilib qo‘ydim. Ya’ni, yo‘lda suv ko‘llagani bois mashinam bolaning ustiga loyqa suv sachratib yubordi.
Bolaga rahmim kelib, to‘xtadim. Usti-boshi jiqqa ho‘l, ko‘zida miltillagan yoshni ko‘rib, “Yur, mashinaga o‘tir, uyingga borib kiyimingni almashtirib kelamiz”, desam bola yig‘lab berdi:
- Yo‘q, oyim begona kishilarning mashinasiga minma deganlar. Maktabga kiyishga boshqa kiyimim ham yo‘q. Kechagina yangi kostyum-shim olib bergan edi oyim. Shu paytgacha “sportivka”da kelardim maktabga. Endi nima qilaman?!
Samarqand shahri Shohruh ko‘chasi, 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oldidagi ushbu yo‘lda yil-o‘n ikki oy, yog‘ingarchilik bo‘lsa-bo‘lmasa ichimlik suvi oqib turadi. Shu yo‘ldan har safar ishga borish-kelishda ko‘lmaklarni terib-terib o‘tardim. Bugun nima jin urdi, bilmayman? Norasida o‘quvchining yig‘lagan nigohi, gaplari ta’sirida bugungi kunim xijil o‘tadigan bo‘ldi-da!
Murojaatlarimizni javobsiz qoldirayotgani, quvurlar va yo‘llarning turli nosozliklari sabab odamlar, ayniqsa, o‘quvchilar ozor chekayotganidan suv ta’minoti yoki yo‘lsozlar ham xijolat bo‘lisharmikan?!