2022 yilda Samarqandda 1,2 trillion so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi
Bu yil ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida viloyatdagi 143 ta ob’yektda umumiy qiymati salkam 1,2 trln so‘mlik qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayev jurnalistlarga ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha bunda, 31 ta ob’yekt (392,9 mlrd so‘m) avvalgi yildan o‘tmoqda va 112 tasi (777,6 mlrd so‘m) yangidan boshlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, yil davomida 96,6 milliard so‘mga 20 ta bolalar bog‘chasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Buning hisobiga, 2,97 ming yangi bola o‘rni yaratiladi, maktabgacha ta’lim qamrovi 68,9 foizdan 72,7 foizga oshadi.
Shuningdek, 41 ta maktab va ixtisoslashgan maktab-internatlari qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 17,8 ming o‘rinli binolar va 9 ta sport zali foydalanishga topshiriladi. Natijada, 17,8 mingta o‘quv o‘rni yaratilib, yuqori smenali maktablar soni 346 tadan 292 taga kamayadi.
Joriy yilda tibbiy va tibbiy-ijtimoiy muassasalar qurilishiga 77 mlrd so‘m (10 ta bino), sport muassasalariga 12 mlrd so‘m, madaniyat va san’at ob’yektlari qurilishga 39,6 mlrd so‘m, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari uchun 60,6 mlrd so‘m, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlar uchun 146,9 mlrd so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.