«Yangi O‘zbekiston» massividagi qurilishlar ortda qolyapti(mi?)
Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi farmoni asosida respublikamizning 30 ta hududida «Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilmoqda.
Jumladan, Urgut tumanidagi «Yangi O‘zbekiston» massivida 2022-2026 yillarda 39,2 gektar maydonda 58 ta ko‘p qavatli uy-joy qurish belgilangan.
- O‘tgan yil yakuni bilan ikkita besh qavatli va to‘qqiz qavatli, 57 xonadonga mo‘ljallangan o‘nta uy-joy foydalanishga topshirilgan, - deydi Urgut tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Farrux Jamolov. – Joriy yilda o‘ndan ortiq qurilish korxonasi tomonidan 1037 xonadonli 17 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish belgilangan. Oktyabr oyining boshida 16 qavatli uy-joyda qurilish-montaj ishlari yakunlandi, yana 9 qavatli 10 uy foydalanishga topshirish arafasida turibdi. Keyingi ikki yilda yana 23 ta ko‘p qavatli uy qurish belgilangan. Lekin tender savdolarida g‘olib bo‘lib, qurilishni vaqtida boshlamagani, ishlar sust ketayotgan qurilish korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar tuman hokimligi tashabbusi asosida bekor qilindi va qurilish ishlari boshqa quruvchilarga berildi. Joriy yilda qurilishni vaqtida boshlamagan yoki sustkashlikka yo‘l qo‘ygan to‘rtta qurilish korxonasi tufayli rejadagi ishlar biroz ortda qoldi.
Umuman, massivda qurilish jarayoni uch bo‘limga bo‘lingan. Bu yerda 2 ta maktab, 4 ta bolalar bog‘chasi, davlat va xususiy poliklinika bo‘ladi. Hozirda bittadan maktab va bog‘cha foydalanishga topshirilgan, qolgan uchta bog‘cha qurish uchun auksion o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan. Maktab qurilishi keyingi yil dasturiga kiritiladi. Bundan tashqari, maishiy xizmat ob’yektlari, savdo markazi, hammom, ekobozor quriladi. Dastlab foydalanishga topshirilgan 18 ta uyda to‘liq kommunikatsiya tizimlari yaratilgan. Hozirda ikkinchi bo‘limda ham kommunikatsiya tarmoqlarini tortish, issiqlik tizimi bo‘yicha yangi qozonxona qurish ishlari dasturga kiritilib, tender e’lon qilingan. Massivda birinchi bosqichda foydalanishga topshirilgan uylar alohida isitish tizimiga ulangan bo‘lsa, bosh rejaga o‘zgartirish kiritilib, keyin qurilayotgan uylar uchun qozonxona orqali isitish tizimi joriy etiladi.
Mas’ulning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha massivda 570 xonadonga mo‘ljallangan uylar tayyor va bu uylarda 300 oila istiqomat qilmoqda. Tabiiy gaz tarmog‘i tortish ishlari boshlangan, keyingi yilda alohida elektr energiya tarmog‘i tortiladi. Xonadonlarda yashovchi fuqarolar tabiiy gaz bosimi pastligini aytmaganda boshqa muammo yo‘qligini bildirishdi.
- Biz tumanning O‘ramas mahallasida ko‘p qavatli uy quryapmiz, lekin tuman hokimligi va qurilish mas’ullari massivdagi ortda qolayotgan qurilishni ishonib topshirishdi, - deydi “Urgcharm natural lexxer” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Rahmat Muhammadiyev. – Hujjatga ko‘ra, bu ob’yekt 2024 yil iyun oyida foydalanishga topshirilishi belgilangan, ammo hanuzgacha qurilish ishlari boshlanmagan. Ob’yektni qabul qilib olgach, hujjat ishlari va yerto‘la qismi qurilishiga biroz ko‘p muddat ketdi. Hozir to‘qqiz qavatli uyning uchinchi qavatini ko‘taryapmiz. Yil yakunigacha binoni topshirish harakatidamiz.
Massivning qurilish ishlari tugallangan qismini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, yo‘llarni asfalt-betonlashtirish ishlariga kirishiladi.
- Massivimizda qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarda to‘liq energiya tejamkorligi bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan, - deydi F.Jamolov. – Binolarning tashqi qismi bazalt tolali qoplamalar qilindi, uylarni foydalanishga qabul qilishda umumiy tom qismining yarmiga teng qismiga quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Bu o‘rtacha 20-25 kVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, har bir ko‘p qavatli uyning tom qismiga bittadan quyosh kollektori o‘rnatilmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.