Urgutda elektr ta’minotidagi muammolar kamaydimi?

- Uyimizdagi ASKUE hisoblagichi elektr ko‘payib ketishi natijasida ishdan chiqib qoldi, yordam so‘rab elektr ta’minoti idorasiga murojaat qilib keldim, - deydi Urgut tumanidagi Chumchuqli mahallasida yashovchi Bibigul Barotova. – Besh nafar farzandim bor, mahallada "Ayollar daftari"da turaman. Menga bepul hisoblagich qo‘yishni iloji bormi?

- Afsuski, imkoni yo‘q, - deya javob berdi Urgut elektr ta’minoti korxonasi murojaatlar bilan ishlash bo‘limi vakili. – Tartib–qoida bo‘yicha dastlab ASKUE hisoblagichlar bepul o‘rnatiladi. Agar turli sabablar bilan ishdan chiqib qolsa, uy egalari tomonidan yangisi xarid qilinib, o‘rnatiladi.    

Joriy yilning o‘tgan davrida elektr energiyasi bo‘yicha 23 ta murojaat qilingan bo‘lsa, ularning 18 tasi ijobiy hal etilgan. 7 tasiga esa huquqiy maslahat berilgan.

So‘nggi yillarda elektr energiyasi ta’minotidagi yetishmovchiliklar urgutliklarning eng og‘riqli nuqtalaridan biri edi. Endilikda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filialining ikkita - Urgut tuman va Dehqonobod elektr ta’minoti bo‘limlari tashkil etilgan bo‘lib, 100 mingdan ziyod iste’molchiga elektr toki yetkazib beryapti.

- Tumanning 80 ta mahallasida aholi xonadonlari ancha tarqoq joylashgan bo‘lib, 8 ta nimstansiyaga ulangan transformatorlar orqali elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqdamiz, - deydi Urgut elektr ta’minoti korxonasi rahbari Oybek Xoliqov jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-turda. - Hududimizdagi 65242 nafar aholi, 2730 nafar yuridik iste’molchilarga ASKUE elektr hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, onlayn tizimida ishlamoqda.

“Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi bo‘yicha Mo‘minobod-1 mahallasida 2 ta 100/10 kVA transformator punkti, 156 ta temir beton ustunlari o‘rnatildi va 4 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortilib, ishga tushirildi. Mo‘minobod-2 mahallasida esa 1 ta 160/10 kVA transformator punkti, 80 ta temir beton ustunlari o‘rnatilib, 5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortildi. Shuningdek, Chumchuqli mahallasida 80 dona temir-beton ustunlari o‘rnatildi.

Tumandagi og‘ir toifaga tushgan Beshkapa-1, Beshkapa-2, Chorchinor, Mirzabog‘lon, Mingtepa, Vatkan hamda Qo‘zibek mahallalarida qo‘shimcha yangi transformator punkti va zarur beton tayanch-ustunlari o‘rnatish, tarmoqlarni yangilash ishlari boshlandi.

- Joriy yilda hududdagi 16 ta mahallada elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida 7 ta transformator punkti va 400 dan ortiq temir-beton ustunlari o‘rnatish, 30 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortish ko‘zda tutilgan, - deydi Dehqonobod elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Saidali Mavlonov. - Ayni paytda Sanchiqul hamda Ukrach mahallalarida 3 ta transformator, 70 ga yaqin beton ustunlari o‘rnatilyapti. Ishchilarimiz tomonidan 2,7 kilometr past kuchlanishli, 500 metr yuqori kuchlanishdagi tarmoq tortish amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tashabbuskor fuqarolar ko‘magida 23 ta transformator hamda 1150 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi. 28 kilometr 0,4-6-10 kV havo elektr uzatish tarmog‘i tortildi. Omonqo‘ton hamda Qorabuloq mahallalarida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash maqsadida 2 ta 250/10 kVA transformator punkti, 100 ta temir-beton ustunlari o‘rnatildi. 8 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortilib, ishga tushirildi.

Kuz-qish mavsumi oldidan rejadagi 58 ta o‘rniga 9 ta transformator punkti va 132 kilometr o‘rniga 8,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlarida mukammal va joriy ta’mirlandi. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Ipak yo‘li mahallasida 1 ta transformator, 400 metrga yaqin elektr uzatish tarmoqlari tortish ishlari amalga oshirilmoqda.

Dilmurod TO‘XTAYeV.