Samarqandda ilk bor gemofiliya kasalligiga uchragan bemorda chanoq-son bo‘g‘imini sun’iy bo‘g‘imga almashtirish operatsiyasi amalga oshirildi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti travmatologiya va ortopediya, gematologiya kafedralari xodimlari bilan hamkorlikda respublikada birinchi marta gemofiliya kasalligi bilan kasallangan bemorda yuqori texnologiyali operatsiya, ya’ni chanoq-son bo‘g‘imini total endoprotezlash (chanoq-son bo‘g‘imini sun’iy bo‘g‘imga almashtirish) operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Bizda oldindan chanoq-son bo‘g‘imini sun’iy bo‘g‘imga almashtirish operatsiyasi o‘tkazib kelinadi, - dedi tibbiyot fanlari nomzodi Ilhom Jo‘rayev. – Faqat bu operatsiya gemofiliya kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda bajarilmas edi. Sababi, gemofiliya kasalligiga uchragan bemorlarda operatsiya jarayonida ko‘p qon ketib qolishi mumkin. Biz jamoamiz bilan ushbu muammoga yechim topdik va operatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdik.

Operatsiyadan keyin bemor yurishni boshladi. Hozirgi kunda bemorda reabilitatsiya olib borilmoqda. Chanoq-son bo‘g‘imini total endoprotezlash boshqa kasalliklarda, masalan, son boshchasini aseptik nekrozida, chanoq-son bo‘g‘imlari koksartroz kasalliklarida keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aynan gemofiliya kasalligida ilk bor bajarildi.

Ayni paytda universitet olimlari tomonidan ushbu murakkab texnologiyali amaliyotni yurtimiz tibbiyotida keng qo‘llash ustida ish olib borilmoqda.

Odilbek Ahmedov.