Samarqandda turkiyalik shifokorlar ishtirokida amaliy seminarlar o‘tkazildi

Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikda Turkiyaning “Medical Park”, “Vm Medical Park”, “Liv” tibbiyot kompaniya va klinikalari bilan birgalikda “Tibbiyot fani va texnologiyasining zamonaviy yutuqlari” mavzusidagi amaliy seminar o‘tkazildi.

Anjumanda Samarqand viloyatida o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan akusherlik va ginekologiya, onkologiya, xirurgiya, urologiya mutaxassisligi bo‘yicha shifokorlar qatnashdi.

Xalqaro konferensiyani Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi. Konferensiya doirasida «Bepushtlikni davolashning zamonaviy usullari, IVF orqali davolash muvaffaqiyatlari», «Suyak iligi transplantatsiyasi», “Yangi texnologiyalar orqali onkourologiya va onkonefrologiyada davolash afzalliklari» , “ Yuqori texnologiyali sog‘liqni saqlash, organ transplantatsiyasi bo‘yicha maxsus tadqiqotlar», «Umumiy onkologiya, kanserogenez, epidemiologiya masalalari, xatarli o‘smalarni tashxislar va davolash tamoyillari», «Buyrak transplantatsiyasi» va «Ginekologiyada estetik jarrohlik» mavzularida mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.

Kunning ikkinchi yarmida Samarqand davlat tibbiyot institutining 1–son xirurgik kasalliklar kafedrasida institut professori Zafar Kurbaniyazov hamda “Medical Park” professori Bulent Unal hamkorlikda jarrohlik amaliyoti o‘tkazdi.

Kelgusida SamDTI hamda "Medical Park" tibbiyot markazi o‘rtasidagi memorandumga asosan buyrak va jigar transplantatsiyasi bo‘yicha ham jarrohlik ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya’ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan.

O‘zA