Samarqandda Motion zamonaviy raqslar festivali o‘tkazildi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Samarqand shahar  yoshlar markazida yakkaxon va jamoaviy guruhlar ishtirokida Motion zamonaviy raqslar festivali  bo‘lib o‘tdi.

Samarqandda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan festivalda  Rossiya, Qozog‘iston hamda respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan 40 dan ortiq raqs jamoalari Street-dance (ko‘cha raqsi),  Freestyle (erkin uslub), Hiphop,  DanceHall, Popping va BBoying yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z dasturlarini namoyish etishdi. Ularni mohir zamonaviy raqs ustalari - qozog‘istonlik Aleksandr Ssoyev, rossiyalik Ivan Ososkov, FUNKY SKETCHERS  guruhidan Farrux Ishoqov va BBoy Alkolil baholab bordi.

- Festivalning yildan yilga nufuzi oshib bormoqda, - deydi qozog‘istonlik hakam A.Ssoyev. – Ishtirokchilarning ham mahoratlari yuksalib, noan’anaviy raqs sahnalarini namoyish etayapti. Biz O‘zbekistonga nafaqat ularni baholash va tanlash uchun keldik, balki o‘z mahorat darslarimiz orqali zamonaviy raqs turlarining o‘ziga xos jihatlarini o‘rgatishni ham maqsad qildik.

Tanlovda toshkentlik Feliks Aliyev "Eng yaxshi raqqos", deb topildi.

Nasiba JONTO‘RAYEVA.