Ming nafar yigit “Andijon polkasi”ga raqs tushdi

Andijon shahrining Z.M. Bobur nomli milliy bog‘da ming nafar chapani yigitlar bir paytning o‘zida “Andijon polkasi”ga xirom etdilar. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar berdi.

“Andijon polkasi”ning 100 yilligiga bag‘ishlangan bayram dasturida havaskor raqqoslar, shuningdek yuragida o‘ti bor barcha andijonliklar raqsga tushdi.

"Ushbu raqs bundan yuz yil muqaddam yaratilgan. Uning musiqasini “Orif garmon” taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Orifjon Toshmatov yozgan bo‘lsa, raqsini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdug‘affor Qodirov sahnalashtirgan. U yigitlar raqsi hisoblangani bois qizlar tomonidan ijro etilganida ham yigitlarga xos kiyinish urf bo‘lgan. Ya’ni, andijoncha do‘ppi, chopon, yaktak, maxsi va belbog‘ ushbu raqsning ramziy shaklidir. Choponning etak qismini bir tomonga qistirib olinishi ham andijoncha chapanilik ma’nosini bildiradi”,  - deydi Andijon tumani madaniyat markazi rahbari Abdulaziz Yusupov.

Eslatib o‘tamiz, Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning birinchisi yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste’dodini yuzaga chiqarishga yo‘naltirilgan. Shu bois ham viloyatda “Andijon polkasi” raqsiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.