Samarqandda noqonuniy oltin tozalovchilar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan 14 mart kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bir guruh shaxslarning tarkibida oltin moddasi bo‘lgan rudalarni noqonuniy tarzda qayta ishlash holatiga chek qo‘yildi.

Tadbir davomida, Paxtachi tumanida yashovchi fuqarolar 1982 yilda tug‘ilgan “S.G‘.”, 1992 yilda tug‘ilgan “T.A.” va 1997 yilda tug‘ilgan “R.F”larning yashash xonadonlarida tarkibida sof oltin moddasi bo‘lgan taxminan 3,8 tonna ruda toshlar hamda 3 ta tosh tegirmonlari, 2 ta oltin rudasini tozalashga mo‘ljallangan “Moyka” uskunalari borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, mazkur ruda toshlarni qayta ishlashda elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 239 million so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.