Kim ko‘proq oltin qazib oladi? Insoniyat va top 10 mamlakat ko‘rsatkichlari

Insoniyatning butun tarixi davomida taxminan 200 ming tonnadan oltin qazib olingan. Ana shu ko‘rsatkichning yarmidan ko‘pi so‘nggi 70 yilga to‘g‘ri keladi (62 foiz). Qazib olingan oltinning 17 foizi dunyo mamlakatlari xalqaro zaxiralarida saqlanadi. 2020 yilda dunyoda 3478,1 tonna oltin qazib olingani aytiladi.

Hozirda dunyo davlatlarining saqlanadigan oltin zaxiralari 34 mingdan ortiqni tashkil etadi. Bugungi kunda oltin qazib olish reytinggi ham o‘zgarib bormoqda. E’tiboringizga turli manbalar asosida 2020 yilgi reytingni havola etamiz.

1-o‘rin: Xitoy
Ko‘p yillar davomida Xitoy oltin qazib olish bo‘yicha davlatlar o‘rtasida yetakchi hisoblanib kelmoqda. Uning hissasiga jahon oltin ishlab chiqarishining 12 foizi to‘g‘ri keladi. Biroq 2018 yildan ishlab chiqarish 2017 yilga nisbatan 6 foizga kamaydi. Shu tariqa Xitoyda oltin qazib olish bo‘yicha ketma-ket to‘rtinchi yilga kamayish hosil bo‘lib 2018 yilda jami ishlab chiqarish 404,1 tonnani tashkil etdi. 2020 yilda esa bu mamlakat ko‘rsatkichi 368 tonnaga tushib ketdi.

2-o‘rin: Rossiya
2020 yilda Rossiya 331 tonnalik ko‘rsatkich bilan 2-o‘ringa chiqib oldi. 2018 yilda Rossiyada jami 297,3 oltin qazib olingan. Odatda Yevropada qazib olingan oltinning o‘rtacha 83 foizi Rossiya davlati hissasiga to‘g‘ri keladi. 2010 yildan buyon mamlakatda yillik oltin qazib olish hajmi ortib bormoqda. Oltinning eng yirik xaridori Rossiya hukumati bo‘lib, u mamlakatda qazib olinadigan mahsulotning uchdan ikki qismini sotib oladi.

3- o‘rin: Avstraliya
Avstraliya ham oltinchi yilki oltin qazib olishni oshirmoqda. 2020 yilda mamlakat 327 tonna mahsulot ishlab chiqardi. Bu — ikki yil oldingiga nisbatan 13 tonna ko‘pdir.
Xususan, o‘tgan yillar davomida Cadia Hill koni rekord darajada, 23 tonnadan ortiq oltin qazib olmoqda. Yana bir AngloGold Ashanti koni ishlab chiqarish hajmini 12 foizga oshirganini ma’lum qilgan.

4-o‘rin: AQSh
2020 yilda Qo‘shma shtatlar 190 tonna oltin qazib oldi. 2018 yilda AQShda oltin ishlab chiqarish qisman oshgandi (221 tonna). Ammo keyingi ikki yilda qazib olish ko‘rsatkichlari orqaga ketdi. Qayd etilishicha, oltinlarning qariyb 78 foizi Nevada shtatida qazib olinadi.

5-o‘rin: Kanada
O‘tgan yili Kanadada 170 tonna oltin qazib olingan. 2018 yilda mamlakatning Britaniya Kolumbiyasi hududida oltin zaxiralari aniqlagan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, konda 780 metr-tonna oltin mavjud.

6-o‘rin: Gana
2020 yilda Gana oltin qazib olishda 8-o‘rindan ikki pog‘ona yuqoriladi — 138 tonna. Umuman, ganada ham yil sayin oltin qazib olish ko‘payib bormoqda. Bundan 10 yil oldin Gananing ko‘rsatkichlari yiliga 94 tonna bilan cheklanardi. Darvoqe, Gana Afrikadagi eng yirik oltin qazib oluvchi davlat hisoblanadi. Oltin ushbu mamlakat umumiy eksportining 20 foizini tashkil etadi.

7-o‘rin: Braziliya
Bu mamlakatda hozirda yiliga o‘rtacha 107 tonna oltin qazib olinadi. Holbuki, 10 yil oldin yillik ko‘rsatkich 71 tonnadan ziyodroq edi.

8-o‘rin: Meksika
2018 yilgi kuchli o‘nlikni yakunlagan Meksika 2020 yilda 8-pog‘onani band etdi — 101 tonna. 2014-2017 yillarda oltin qazib olish ketma-ket pasayib borgan bu davlat pandemiya davrida oltin qazib olishni ko‘paytirishga e’tibor qaratdi.

9-o‘rin: O‘zbekiston
2020 yilda oltin qazib olishda 101 tonnalik mahsulot bilan O‘zbekiston 9-o‘rinda ko‘rsatilgan. (Ba’zi manbalarda 8-o‘rin). O‘tgan yili O‘zbekiston ilk bor 101,6 tonnadan ortiq oltin ishlab chiqardi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2010 yilda 69 tonna, 2014 yilda 79 tonna, 2016 yilda 90 tonna oltin qazib olingan.

10-o‘rin. Indoneziya
Indoneziyada 2020 yilda oltin qazib olish keskin kamaygan. Shunga qaramay, boshqa davlatlarda ham oltin qazish kamaygani hisobiga Indoneziya 100 tonna oltin qazib olib katta 10 talikka yakun yasagan. Ma’lumot uchun, Indoneziyada 2018 yilda 153 tonna oltin qazib olingan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.