Paxtachida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarini yashirincha qazib olayotgan shaxslar ushlandi
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda IIB xodimlari hamkorlikda Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Qora-qo‘ton” oltin qazib olish koni atrofida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarini noqonuniy qazib olish va sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi.
O‘tkazilgan tadbirda Paxtachi tumanida yashovchi jinoiy guruhning 23-40 yoshlardagi 8 nafar a’zosi ushlandi. Ular tomonidan foydalanib kelingan (1 dona drabelka, 1 dona tegirmon, 1 dona gaz ballon, 40 metr elektr kabeli, 700 kg ruda toshlari va 400 kg oltin aralashmali tuproq) daliliy ashyo sifatida olindi.
Ushbu jinoiy guruh a’zolari tarkibida oltin moddasi bo‘lgan ruda toshlarini qayta ishlash mobaynida noqonuniy ravishda elektr energiyasidan foydalanib kelayotganligi aniqlanib, elektr energiyasi korxonalariga 275 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda, jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.