Samarqandda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirishga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilmoqda
Mazkur 11-forumda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 250 dan ko‘proq xorijiy mehmon, jumladan, 10 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirda savdo, transport va logistika, raqamlashtirish, shuningdek, elektron ma’lumotlar almashinuvi orqali savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va biznesning yangi mexanizmlarini ishlab chiqishda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Bu borada chegara hududlarida zamonaviy savdo va logistika markazlari, soddalashtirilgan bojxona yo‘laklari va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish eng samarali chora-tadbirlar hisoblanadi. Bunda barcha mamlakatlar uchun zamonaviy texnologiyalardan teng foydalanishga imkon yaratish, savdo va yuk tashish sohasidagi tartibotlarni soddalashtirish bo‘yicha eng samarali chora-tadbirlarni qo‘llash, tovarlar harakatini tartibga soluvchi jarayonlarni raqamlashtirish muhimdir.
Bu borada Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonning boshqa vazirlik va idoralari qatori savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, xususan, raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
Forumda so‘zga chiqqan Bojxona qo‘mitasi xodimi Sh.Mo‘mino, O‘zbekiston Respublikasida savdo tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida bojxona operatsiyalarining 90 foizidan ortig‘i raqamlashtirilganligini ta’kidlab o‘tdi. Xususan, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarida inson omilini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qilayotgan masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari tashkil etilgani alohida e’tirof etildi.