Samarqandda o‘tgan “Savye Aral” yugurish marafoni yosh atletlarni saraladi
Samarqand shahrida sport turizmini rivojlantirish maqsadida “Yangi nafas” sport va ijtimoiy harakati doirasida “Savye Aral” yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Marafon avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari B.Nurullayev va Samarqand shahar hokimi B.Oblaqulov bu kabi sport tadbirlari turizmning rivojlanishida, qolaversa, aholini, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, sog‘lom-turmush tarzini keng targ‘ib qilishda ahamiyatli ekanligi xususida so‘z yuritib, ishtirokchilarga omad tiladi.
Musobaqada 2003-2004 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar hamda talabalar, sport maktablari tarbiyalanuvchi va trenerlari, korxona va tashkilotlarning 18 yoshdan katta xodimlari ishtirok etdi.
Bir yarim mingga yaqin ishtirokchi Amir Temur maqbarasi oldidan yugurishni boshladi va 3 kilometr masofani bosib o‘tdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur musobaqa respublikamizning 19 ta shahrida o‘tkaziladi, – deydi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi bo‘lim boshlig‘i, musobaqa bosh hakami Hasanboy Ortiqov. – O‘tgan yilning noyabr oyida Andijon shahrida start olgan marafon vodiy bo‘ylab bir qator shaharlardan o‘tib, azim Samarqandga yetib keldi. Musobaqada qatnashish ixtiyoriy bo‘lgani sababli samarqandliklar qatorida oldingi bosqich g‘oliblari ham qatnashdi. Musobaqa nizomiga ko‘ra, birinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 30 ballni qo‘lga kiritadi. Keyingi o‘rinlar g‘oliblari esa 25 va 20 ballga ega bo‘ladi, ular jamlanib 90 balldan oshsa, finalda ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Yugurish marafoni aprel oyida Mo‘ynoqda final bosqichi bilan yakunlanadi. Maqsadimiz butun respublikamiz ahlini Orolni saqlab qolishga o‘z hissalarini qo‘shishga chorlashdan iborat.
Bellashuvning yakuniy 2003-2004 yillarda tug‘ilganlar bahsida Javohir Mamadqulov va Madinabonu To‘lanova birinchi o‘rinni egalladi. 18 yoshdan kattalar bahsida Markaziy harbiy okrug harbiy xizmatchisi Ilhom Nazarovga teng keladigani topilmadi. Xotin-qizlar bellashuvida esa Muhayyobonu Azamatova shohsupaning eng yuqorisidan joy oldi.
Shuningdek, tadbirda Parvina Shergetova “Eng yosh ishtirokchi” hamda Komil Gilmanov “Eng yoshi keksa ishtirokchi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi. Faxriylarni sportga jalb etishdagi tashabbusi uchun Hamroqul Rofeyev “Sport fidoyisi” sifatida rag‘batlantirildi.
Ma’lumot o‘rnida: uchinchi bosqich yanvar oyida Shahrisabz, Qarshi, Termiz shaharlarida yakunlanadi. Keyingi bosqichlar fevral oyida Navoiy, Buxoro va Urganch shaharlarida, aprel oyida Xiva va Nukus shaharlarida o‘tkaziladi.
Husan Eltoyev.