Samarqand marafoni g‘oliblari aniq bo‘ldi
Samarqandda “Samarkand Marathon” an’anaviy xalqaro xayriya marafoni bo‘lib o‘tdi.
Marafonda 40 ga yaqin davlatdan uch ming nafardan ziyod ishtirokchi 2, 5, 10, 21 va 42 kilometr masofani bosib o‘tdi.
2 kilometrga o‘tkazilgan poygada erkaklar o‘rtasida Eldor Botirov, ayollar o‘rtasida Milana Kotlyarova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
5 kilometr masofaga o‘tkazilgan poygada erkaklar o‘rtasida andijonlik Dilmurod Xo‘jamov, ayollar o‘rtasida pasdarg‘omlik Shohsanam Yo‘ldosheva birinchi o‘rinni egalladi.
10 kilometr masofaga yugurishda rossiyalik sportchilar Iskandar Yadgarov va Anastasiya Slepneva finishga birinchi bo‘lib yetib keldi.
21 kilometr masofaga o‘tkazilgan poygada ham rossiyalik Rinas Ahmadeyev birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ayollar bahsida qirg‘izistonlik Aynuska Qalil qizi g‘olib bo‘ldi.
42 kilometr masofadagi bahslarda hamyurtimiz Baxtiyor O‘tkirov hamda rossiyalik Yelena Tolstykh birinchi o‘rinni egalladi.
Marafonda turli yosh toifasida va imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘rtasida ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘oliblarga pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.