Samarqandda shaxmat bo‘yicha III “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri boshlandi

Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turistik markazida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan  umumiy sovrin jamg‘armasi 50 ming AQSh dollar bo‘lgan “Women’s Chess Championship” xalqaro turniriga start berildi.

Turnirda 13 davlatdan 150 nafar jahon shaxmatining ayol ustalari ishtirok etmoqda.

Musobaqa ochilishida so‘z olgan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov, viloyat hokimining o‘rinbosarlari R.Qobilov va H.To‘xtayev turnir ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi. Mazkur turnir 2026 yil mamlakatimizda, jumladan Samarqandda bo‘lib o‘tadigan  46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik ko‘rish, ayol(qiz)lar shaxmatini rivojlantirish, milliy terma jamoa a’zolarining mahoratini oshirish hamda xorijlik mahoratli shaxmatchilar bilan o‘zaro tajriba almashish imkonini berishi ta’kidlandi. 

Musobaqada o‘zbekistonlik reytingi yuqori shaxmatchilardan Umida Omonova, Barchinoy Shokirjonova, Afruza Hamdamova, Marjona Malikova hamda Nodira Nodirjonova  g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. 

Bahslar FIDE qoidalari asosida ayol(qiz)lar o‘rtasida ikki guruhda -  “A” guruhida 1800 va undan yuqori reytingli ishtirokchilar, “B” guruhida reytingi 2000 va undan past bo‘lgan shaxmatchilar qatnashmoqda. 

Musobaqa nizomiga ko‘ra, turnir shveysar tizim standart yo‘nalishida 9 turda o‘tkaziladi. Har bir ishtirokchiga 90 daqiqadan vaqt beriladi va birinchi yurishdan boshlab har bir yurishga 30 soniyadan vaqt qo‘shib boriladi. 30 yurishgacha durangga kelishish mumkin emas.

Turnir 19 martga qadar davom etadi.