Samarqandda «Sputnik-V» vaksinasini saqlash uchun barcha sharoit mavjud

Ijtimoiy tarmoq sahifalarida “Samarqandda maxsus muzlatkichlar yo‘qligi sababli viloyatimiz aholisi hozircha «Sputnik V” vaksinasiz  qoladi” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi.

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassisi Shoira Xalilovaning “Samarkandskiy vestnik” gazetasi muxbiriga bergan ma’lumoti noto‘g‘ri talqin qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganligi sababli ko‘plab kuzatuvchilar tomonidan munozaralarga sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat  salomatligi boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlaridagi vaksina saqlash omborxonalari «Sovuqlik uskunalarini optimallashtirish» dasturi asosida yangi, zamonaviy va jahon andozalari talablariga javob beroladigan darajada sovutkich va muzlatkichlar bilan ta’minlangan.

Jumladan, O‘rta Osiyodagi eng zamonaviy omborxonalardan biri bo‘lgan Samarqand viloyat vaksina saqlash omborxonasida 3 ta 30 kub sig‘imga ega  sovutkich kamerasi, 14 ta sovutkich, 4 ta muzlatkich, vaksinalarni tashish uchun maxsus termosumkalar va termokonteynerlar zaxirasi mavjud. Shuningdek, 2019 yilda Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining hududiy bo‘limlariga ham qo‘shimcha 57 ta maxsus sovutkich va 16 ta muzlatkich olib kelingan. Viloyat davolash profilaktika muassasalari emlash xonalari ham 200 dona  qo‘shimcha maxsus sovutkich hamda viloyat aholisiga sifatli vaksina yetkazib berish uchun 18 ta maxsus avtotransport vositalari bilan ta’minlangan.

«Sputnik-V” vaksinasi yangi vaksina bo‘lib, saqlash, tashish va ishlatish jihatidan boshqa vaksinalardan deyarli farq qiladi. Bu vaksina muzlatkichda (sovutkichda emas) muzlatilgan holda -18 darajadan yuqori  bo‘lmagan holatda saqlanadi va -18 darajadan yuqori bo‘lmagan holatda tashiladi.

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlarida «Sputnik-V” vaksinasini saqlash uchun barcha sharoitlar mavjud.

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati.