«Sputnik V» nega Samarqandga keltirilmadi?

Viloyatda ayni kunlarda 60 mingga yaqin aholi vaksinatsiyadan o‘tdi. Xabaringiz bor, aholi Hindistonda ishlab chiqarilgan “Aztra Zeneca” vaksinasi va Xitoy bilan O‘zbekiston olimlari hamkorligida ishlab chiqarilgan "ZF-UZ-VAC2001" vaksinasi bilan emlanmoqda.

Ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizga «Sputnik V» vaksinasi keltirilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Ushbu vaksinadan Samarqand aholisiga ham ajratiladimi? Bu haqda viloyat sanitariya sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakili Shoira Xalilovaga murojaat qildik.

- «Sputnik V» vaksinasini saqlash tartibi viloyatlardagi mavjud shart-sharoitlarga to‘g‘ri kelmaydi, - deydi Sh.Xalilova. – Bugungi kunda viloyatdagi birlamchi tibbiyot muassasalarida vaksina saqlovchi, uni tashuvchi sumkalar -2, -8 darajadagi haroratni tashkil qiladi. «Sputnik V» vaksinasi esa -20 daraja haroratda saqlanishi kerak va uning erishi uchun ham ma’lum sharoitlar talab etiladi. Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi omborxonasidagina bunday sharoit bor. Ammo vaksina amalga oshirilayotgan poliklinikalarda bu kabi muzlatkichlar yo‘q. Shuning uchun mazkur vaksinalar hozircha viloyatga keltirilgani yo‘q.