Haliyam vaksinaga ishonmayotganlar uchun…
Telegram kanalimizda «Aholining koronavirusga qarshi emlanishi majburiy tarzda amalga oshishiga qanday munosabatdasiz?», degan savol bilan o‘quvchilarimizga murojaat qilgan edik.
Ishtirokchilarning katta qismi, ya’ni 41 foizi «Emlash ixtiyoriy bo‘lishi kerak», degan javobda to‘xtalgan.
«Majburiy emlanish to‘g‘ri, deb hisoblayman» javobida to‘xtalganlar 35 foizni tashkil qiladi. 19 foiz ishtirokchi esa «Bu mavjud epidemiologik holatdan kelib chiqishi kerak» javobini ma’qul ko‘rgan bo‘lsa, 5 foizi «bilmadim», deb qo‘ya qolishgan.
Statistik ma’lumotlardan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda har kuni koronavirusdan vafot etayotgan, nafaqat yoshi ulug‘, balki hali navqiron yoshlarning ham borligi kishi qalbini larzaga soladi. Ehtimol, ajal, deymiz yoki yer yuziga kelgan balo, deb kuyunib qo‘yamiz. Ammo o‘zini ehtiyot qilmaslik, berilgan imkoniyatdan foydalanmaslik ham shunday holatlarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmayaptimikan? Afsuski, yuqoridagi so‘rov natijalarini ko‘rib, baribir savol qarshisida qolaverdim. Odamlarning ko‘p qismi hamon vaksinani majburlash shart emas, deyishmoqda, demakki vaksinaga ishonmayotir. Vaholanki, yaqinda o‘qidim, COVID-19 ga chalinayotganlarning 98 foizi vaksina olmaganlar ekan.
To‘g‘ri, nafaqat bizda, balki dunyo miqyosida vaksina olayotganlar orasida ham kasallik uchrayapti, ammo u nisbatan yengil o‘tayotganini kuzatyapmiz. To‘g‘risi, o‘z oilamizda yuz bergan og‘ir judolik tufayli odamlarning haliyam vaksinaga ishonchsizligini eshitsam, ko‘nglimdagi armonlarim yana otilib chiqyapti.
Mana, bir necha kundirki, ko‘nglimdan, ich-ichimdan hayqiriq keladi: ehtimol, dadamni vaksina olishga ko‘ndirganimda hozir hayot bo‘larmidi? Nega vaksina olish vaqti kelganda, o‘zim birinchilardan bo‘lib yugurib bordim, bu haqda maqolalar yozdim, odamlarni vaksina olishga undadimu, dadamga qolganda «vaksina oling», dedim-u qo‘ydim. Dadamning «ishlarimni tugatib olay, keyin olarmiz, qizim» degan gapiga indamay qo‘ya qoldim. Nega shunday qildim axir?!
Ko‘pchilik o‘lim holati kasallikni haddan ortiq o‘tkazib yuborganda, deb o‘ylar. Atrofimdagilarning fikrini eshitib, shunday xulosaga kelyapman. Og‘irlashib qolgunga qadar, tegishli davo muolajalarini olmaslik sababdir, menda hammasi yaxshi, deya o‘zini tinchlantirayotgandir. Yo‘q, unday emas ekan…
Dadam bir necha kun koronavirusdan davolanib kelayotgan edilar. Ammo o‘zini yaxshi his qilayotgan, faqat yo‘taldan boshqa simptomlar yo‘q edi. O‘zini odatiy, biz biladigan gripp bo‘lgandagi holatdan ham yengilroq his qilayotgandi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, davo choralari ko‘rildi. Antibiotik, qon suyultiruvchi, ishtaha ochuvchi va hokazo, xullas, bugun COVID-19 xastaligida amalga oshirilayotgan barcha emlar amalga oshirildi. Shifoxonadan o‘zini yaxshi his qilib chiqqach uyga keldi. Oradan bir kungina vaqt o‘tdi, bir kun… Birdan nafas olishda muammo paydo bo‘ldi, hansirash, chuqur-chuqur nafas olish. Darhol kislorod apparati olib keldik. Ammo bir necha soatdan keyin uning ham foydasi bo‘lmadi. Tez yordam chaqirtirib, shu zahotiyoq davolash va taqsimlash markaziga olib bordik. Nafas olishi yaxshilandi, ammo ahvoli keskin og‘irlashdi. Uyga olib ketishimizni so‘radi. Avvaliga ko‘nmadik, ammo talab qildilar, qolaversa, qarindosh shifokorlarimiz davolashga hamda uyda kislorod bilan bog‘liq sharoitni qilib berishga rozi bo‘lgach, mayli dedik. Uyga olib kelgunimizcha ahvoli yana og‘irlashdi, 60 kubometrli ballondagi kislorod bor-yo‘g‘i 3 soatga yeta boshladi. Bunday kislorod biz bilgan, bugun dorixonalarda sotilayotgan qurilmalardan farqliroq. Dadamning nafas olishiga qarash azob edi. Ammo chidam bilan yotdilar, muolajalarni oldilar. Ahvolida sezilarli yaxshi o‘zgarish paydo bo‘la boshladi. Shifokor qarindoshlarimiz qariyb uxlamay ahvolidan boxabar bo‘lib turishdi. Har soat, daqiqadagi ahvoli o‘rganilib turdi. Qon bosimidan tortib, zarur bo‘lgan barcha qon tahlillari amalga oshirildi. Ammo… uyda davolanayotganida oradan o‘n kun o‘tgach… bizni tashlab ketdi.
Bularni yozayotganim sababi, kasallik kutilmaganda, soatlar ichida avj olishi, o‘zini yaxshi his qilayotgan bir paytda havo yetmay qolishi mumkin ekan. Vaholanki, dadam hali ilk simptomlar, ozgina yo‘tal boshlangandanoq muolajani olgandilar. Dadam hayotsevar inson edilar, to oxirigacha kasallik bilan kurashdilar, kuchli bosimdagi kisloroddan nafas olishga bir necha kun chidadilar.
Vaksina olganlarida bunday bo‘lmasmidi, deyman hamon ich-ichimdagi og‘riqlar bilan. Yaqinda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullanganini o‘qib, bir dardim ikki hissa ortdi. Vaksina olish majburiyligi ertaroq amalga oshganda, dadam vaksina olgan bo‘larmidilar.
To‘g‘ri, pushaymonlardan, iztiroblardan foyda yo‘q. Ammo bugun ushbu qonun imzolangach, unga kulgi bilan qarayotganlar, ijtimoiy tarmoqlarda «faqat bizning davlatda bu kabi majburlash bo‘ladi» degan gaplarni yozayotganlarni ko‘rganimda jahlim chiqadi.
Hatto Amerika, Isroil kabi meditsinasi rivojlangan davlatlarda ham vaksina olmaganlar ish topolmagan, korxona xodimi vaksina olmasa ishdan chetlashtirilgan bir paytda bizning vaksinaga shubha bilan qarashimiz dunyoqarashimizu, sog‘lig‘imizga nechog‘lik munosabatimizdan darak bo‘lsa kerak.
Gulruh Mo‘minova.