Sabablarsiz vaksina olmagan xodim ishdan chetlashtirilishi mumkin
- Men hali “COVID-19” infeksiyasiga qarshi emlanganim yo‘q. Meni ishdan chetlashtirishlari mumkinmi? Ishdan chetlashtirilsam ish haqim saqlanadimi, - deya savol berdi samarqandlik R.O‘lmasova.
Bu savolga huquqshunos O‘ktam Komilov javob berdi:
- Ha, “COVID-19” infeksiyasiga qarshi emlanmasangiz, ishdan chetlashtirilishingiz mumkin. Chunki Mehnat kodeksining 113-moddasiga 2021 yil 2 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan qo‘shimcha kiritildi. Ushbu moddaga qilingan qo‘shimchaga asosan karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi xodimni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi belgilandi.
Agar siz Mehnat kodeksiga kiritilgan ushbu asosga ko‘ra ishdan chetlashtirilsangiz, belgilangan tartibda emlanmaguningizgacha ishdan chetlashtirilgan davringiz uchun ish haqi to‘lanmaydi. Ammo emlashga sog‘lig‘ingizning holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lganda siz ishdan chetlashtirilmaysiz.