Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tezroq vaksina olishni tavsiya qilmoqda
Dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgan koronavirusning yangi “omikron” shtammi yana uch mamlakat hududida ro‘yxatga olindi.
Xususan, Tailandda ilk kasallanish holati Ispaniyadan uchib kelgan AQSh fuqarosida aniqlangan bo‘lsa, Xorvatiyada bir yo‘la ikki kishida yangi shtamm qayd etildi.
Rossiyada ham Janubiy Afrika Respublikasidan qaytgan ikki fuqaro musbat natija bilan gumon ostiga olingani haqida xabar berilgandi. Tekshiruvlardan so‘ng ularning har ikkisi ham “omikron”ni yuqtirgani ma’lum bo‘ldi. Buni Rossiyaning tegishli idoralari rasman tasdiqladi.
Afrika sog‘liqni saqlash ilmiy-tadqiqot instituti professori Villem Xanekomning ta’kidlashicha, mintaqada yangi mutatsiya variantini yuqtirish holatlari koronavirusning avvalgi to‘lqiniga nisbatan bir muncha shiddatliroq.
Olimning xulosasiga ko‘ra, “omikron” asosan yoshlar, ayniqsa emlanmagan yigit-qizlar orasida ko‘proq kuzatilmoqda. Ammo boshqa yosh toifasidagilar ham bu kasallikka qarshi barcha ehtiyot choralarini ko‘rishlari zarur.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi shtamm keng tarqalishining oldini olish uchun odamlarga tezroq vaksina olishni tavsiya qilmoqda. Chunki hozirgacha 100 dan ortiq mamlakatlarda aholini emlash ko‘rsatkichlari 40 foizga ham yetmaydi.
Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning ma’lum qilishicha, dunyodagi emlanmagan qatlamning katta qismi Afrika qit’asida yashovchi odamlardir. Chunki ushbu mintaqa mamlakatlari yetarlicha vaksina zaxiralariga ega emas.
Shuningdek, T.Gebreyesus shu kungacha jahondagi mavjud vaksinalarning 80 foizdan ortig‘i “Katta yigirmatalik” (G20) davlatlari o‘rtasida taqsimlanganini ma’lum qildi.
Anchayin qashshoq hisoblangan Afrika mamlakatlari esa jami ishlab chiqarilgan vaksinalarning atigi 0,6 foizini olgan, xolos.
"Bunday holat qanchalik uzoq davom etsa, koronavirusning tarqalish va mutatsiyaga uchrash imkoniyatlari shunchalik kengayib boraveradi” — deydi JSST rahbari.
Bunday ogohlik qo‘ng‘irog‘i qator davlatlarda vaksinatsiya jarayonlarini yanada jadallashtirib yubordi. Jumladan, Italiyada ayni paytda jamoat transportidan SOVID-19 ga qarshi emlanganlikni tasdiqlovchi sertifikati yo‘q fuqarolar foydalanishi holati aniqlansa, ular katta miqdorda jarimaga tortilmoqda.