«Sputnik V» vaksinasi namunalari O‘zbekistonga yetkazildi
Koronavirusga qarshi Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi namunalari O‘zbekistonga yetkazib berildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
"Rossiya Federatsiyasi savdo-sanoat vaziri Denis Manturov «Sputnik V» vaksinasi namunalarini shaxsan Toshkentga yetkazdi. Qimmatbaho yuk O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev tomonidan qabul qilindi", deyiladi xabarda.
Agentlikning ta’kidlashicha, namunalar O‘zbekistonda vaksinani sinovdan o‘tkazib, ro‘yxatga olish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun olib kelindi. Vazirlik shuningdek, vaksinaning avvalgi partiyalari Vengriyaga laboratoriya tadqiqotlari uchun yuborilganligi, bundan tashqari, Serbiyada qabul qilinganligini aytib o‘tdi.
Shu bilan birga, Rossiya vaksinasini tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish va kvalifikatsiya qilishda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bilan bir qatorda, boshqa yirik xalqaro tashkilot va institutlar, shuningdek, Yevropa tibbiyot agentligi bilan vaksinani Yevropa Ittifoqida muomalaga chiqarishga ruxsat olish xususida muzokaralar olib borilmoqda.