Prezidentlikka nomzod vaksina masalasiga panja ortidan qaralayotganidan xavotir bildirdi

U shuningdek, omma targ‘ibotdan ko‘ra tushuntirishga ehtiyojmandligini qayd etgan.

"Qariyb ikki yildirki, insoniyat koronavirus zarbidan jabr ko‘rib kelmoqda. Yurtimizda ham epidemiologik vaziyat boshlanganiga bir yarim yil bo‘lib qoldi. Mazkur xavfdan hamma hadiksirab turgani, sog‘lig‘i va xotirjamligini yo‘qotgan bo‘lishiga qaramay uni daf etuvchi qurol – vaksina bag‘rikenglik bilan qarshi olinmadi, ochig‘i. Bunga vaksina atrofida aylanayotgan mish-mishlar sababdir.

Norasmiy manbalar tomonidan vaksinaning zarari va hatto o‘limga olib kelishi mumkinligi haqidagi xabarlar urchib, afsuski, ular tarozida xolis axborotdan ko‘ra og‘irroq kelmoqda. Vaksinaning foydasi hamda zaruratini chuqur his etgan holda ishonch bilan emlanayotganlar kam, buni tan olish kerak. Kimdir shubha, kimdir majburan (ish joyini saqlab qolish maqsadida) yana kimlardir tushunmagan va bu haqida o‘ylashni ham istamagan holda vaksina qabul qilmoqda.

Tibbiyotchilar hamda faollar tomonidan vaksina targ‘ib qilinyapti, ha, bu aynan targ‘ib. Hozirgi omma esa targ‘ibotdan ko‘ra tushuntirish ishlariga ehtiyojmand. Zero, sog‘liq uchun muhim vosita “Men vaksina oldim, sizchi?” kabi aksiyalardan keyin shaxslarga taqlidan emas, o‘z hayoti va salomatligi haqida qayg‘urib, shaxsiy yondashuv va mustaqil qaror orqali turmushiga tatbiq etilishi darkor.

So‘nggi paytlar vaksina olishga talabgorlar birmuncha ko‘paydi. Biroq bu targ‘ibot mahsuli emas. Balki koronavirus aniqlangan bemorlarning kundalik antirekordi odamlarning fikrini birmuncha o‘zgartirdi. Kuniga mingta bemor, 7-8 ta o‘lim ko‘rsatkichlari insonlarning fikrini o‘zgartirdi va vaksina manziliga yo‘naltirdi.

Ammo, endigina holat barqarorlashay deganda, boshqa bir muammo ko‘ndalang turib qoldi: ikkinchi doza qabul qiluvchilar uchun vaksinaning mavjud emasligi. Bunga nima deysiz? Avvaliga “ZF-UZ-VAC” turidagi vaksinasida tanqislik yuzaga kelgani, ikkinchi doza qabul qilish istagida poliklinikaga murojaat qilgan insonlar quruq qo‘l bilan qaytgani haqidagi xabarlar tarqaldi va bunga Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxatga olish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar borligini aytib qisqa javob qaytardi. Vazirlik aytgan muddat keldi hamki, hamon odamlar o‘sha eski savol bilan qolmoqdalar. Aksincha, masala oldiga masala qo‘shilib, “Moderna” va “Sputnik” turidagi  vaksinalarda ham takroriy emlanish uchun doza tayyor emasligi haqida xabarlar kela boshladi.

Vaksinatsiyaga davlat darajasida ahamiyat berilayotgan bir paytda, koronavirus global muammoga aylangan bugungi zamonda nega vaksina masalalasiga panja ortidan qaralmoqda? Ikkinchi doza tanqisligi yuzaga kelishi ishlarning rejasiz amalga oshirilgani, avvalboshdan pishiq-puxta dasturlar asosida ishlanmaganidan dalolatdir. Tibbiyotchilar tasdiqlaydilarki, vaksinaning birinchi bosqichi bilan kishida yetarlicha antitanacha hosil bo‘lmaydi. Takroriy dozalarni qabul qilganidan 14 kun o‘tibgina virusga qarshi kurashishga yetarli darajada immunitet shakllanadi. Demak, bosqichlar orasida uzilish bo‘lsa, virusga chalinish ehtimoli saqlanib qolaveradi. Shunday ekan, aholini to‘laqonli emlash nechog‘lik dolzarbligi bu ishning tepasida turganlar uchun sir emas. Tez orada mas’ullar tomonidan bu muammo ijobiy hal etilishi, xalqimizga zarur vaksinalar o‘z vaqtida yetkazilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishini kutib qolamiz", deb yozadi prezidentlikka nomzod, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov.

Shuningdek, B.Abduhakimov yana bir masalaga odamlar e’tiborini qaratishni ta’kidlagan: "Vaksinalar ixtirosi boshlangach, AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Buyuk Britaniya kabi davlatlar o‘z ilm namunalarini taqdim eta boshladilar. Hatto qo‘shni Qozog‘iston ham o‘z vaksinasini yarata oldi. Yurtimizda ilm-fan rivojiga e’tibor yuqoriligi va salohiyatli olimlarimiz borligiga qaramay, bizdan bunday tashabbus chiqmadi. Xitoy va O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan vaksina esa bu fikrimizga o‘chirg‘ich bo‘lolmadi. Chunki uning atrofida ham turli mish-mishlar tarqadi-yu, mutasaddilar tomonidan raddiya berilmadi. Agar mahalliy vaksinamizga ega bo‘lsak, tanqislik muammosidan qiynalmasmidik.

Yana bir nadomatkim, aholida milliy mahsulotlarga ishonch yuqori emas. “Xitoy-O‘zbekiston vaksinasi” ta’rifini eshitiboq, “Yo‘q, men “Moderna” yoki “Sputnik” bilan emlanaman” deb o‘z istaklarini bildirayotgan fuqarolarimiz oz emas. Albatta, har kim tanlov erkinligiga ega. Ularning qarorini “Xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa yotvolib yalaydi” ayblovi bilan xaspo‘shlash noto‘g‘ri, balki bu holat to‘g‘ri xulosa chiqarishga undovchi bir alomatdir. Olimlarimiz sifatli mahsulot yaratib, o‘z ilmini isbotlay olsa, xalq unga nisbatan chanqoqlik his etadi.

Muxtasar aytganda, pandemiya ham, vaksinatsiya jarayoni ham ilm-fan oldida jiddiy muammolar borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ularni anglash va to‘g‘rilash kelajak farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz".