Germaniyada aholi qalbaki vaksina bilan emlanayotgani aniqlandi

Nemis huquq-tartibot idoralari o‘tgan shanba kuni Shlezvig-Golshteyndagi Lyubek aeroporti yaqinida olib borilayotgan noqonuniy emlashni to‘xtatdi. Aniqlanishicha, u yerda odamlar tasdiqlanmagan vaksina bilan emlangan, deyiladi Lyubek politsiya boshqarmasi bayonotida.

Nemis ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Lyubek aeroporti shifokor va tadbirkor Uinfrid Shtekerga tegishli bo‘lib, u o‘zining koronavirusga qarshi vaksinasini ishlab chiqargan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlarining bayonotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 15:00 da kichik aeroport yaqinida 80 ga yaqin odam to‘plangan, vaqt o‘tishi bilan vaksina qabul qiluvchilar soni ortib borgan.

Aniqlanishicha, “emlash foydalanish uchun ruxsat etilmagan vaksina bilan amalga oshirilgan”. Hatto buning uchun maxsus ofis ham tashkil etilgan.

Politsiya sodir bo‘layotgan voqeani to‘xtatgunga qadar taxminan 50 kishi ushbu vaksinani olib ulgurgan.