Endi bizni karantin choralari emas, vaksinatsiya himoyalaydi
Bugun xalqimiz orasida “Vaksina nima, u qanday ishlaydi, foydali yoki nojo‘ya ta’sirlari nimalardan iborat, samaradorligi va xavfsizligining tahlillari qanday amalga oshirildi va bu nega kerak” degan savollar va unga bilib-bilmasdan “shaxsiy” munosabatlar bildirish qizg‘in tus olmoqda.
Vaksina – biologik kelib chiqishga ega tibbiy preparat bo‘lib, inson organizmida ma’lum virus yoki boshqa mikrobga qarshi immunitet hosil qilishi bilan qiymatlidir. An’anaviy usulda u virus yoki boshqa mikroblarning zarar keltira olmaydigan darajada zaiflashtirilgan yoki jonsiz shaklini yaratish orqali olinadi. Hozirgi ilm-fan yutuqlari esa virus yoki bakteriya organizmidan to‘la foydalanmasdan turib ham vaksina yaratish imkonini beradi. Bunda kasallik qo‘zg‘atuvchi virus yoki bakteriyaning kichik bir bo‘lagi biotexnologik usullar yordamida ko‘paytirilib, tozalab olinadi. Ushbu turdagi vaksinalar tarkibida infeksiya qo‘zg‘atuvchisi bo‘lmaganligi uchun kasallikning qaytalanish ehtimoli mavjud emas. Vaksinalar bizni kasalliklardan qanday himoya qilishini bilish uchun, avvalambor, inson immun tizimining ishlash jarayonini tasavvur qilishimiz kerak.
Inson tanasining himoya tizimini o‘ta tezkor va zamonaviy armiyaga o‘xshatish mumkin. Unga “dushman”, ya’ni virus yoki biror mikrob (fanda antigenlar deb yuritiladi) kirib kelganida, immun tizimi uni tashqi belgilari (asosan oqsil qobig‘i) orqali tanib oladi va unga qarshi anti-tanachalardan iborat tezkor guruh “askar”larini ishlab chiqaradi. Bu jarayon o‘z-o‘zidan, avtomatik ravishda ro‘y beradi.
Jonsizlantirilgan vaksina inson tanasiga yuborilganida ham shunday jarayon sodir bo‘ladi: immun tizimi uni aniqlab, kurashuvchan maxsus bo‘linmalarni ishlab chiqaradi. Jonli virusdan farqi shundaki, u inson tanasida kasallik keltirib chiqara olmaydi. Ushbu usul hozirgi paytga qadar kasalliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishning eng samarali usuli bo‘lib kelmoqda. Tabiiyki, inson organizmi doimiy mikroblar (antigenlar) qurshovida ekanligi e’tiborga olinsa, bunday immun tizim va tabiiy vaksinatsiya muntazam ravishda tanamizni himoya qilib turadi.
Mikroblarga qarshi tananing o‘zi kurashchi (antitanachalar) ekanini anglab yetish insoniyatga “dushman” hujumiga oldindan tayyor turish uchun “dushman”ning o‘zidan (vaksina) foydalanish va hujumga qadar inson tanasida mustahkam himoya qo‘rg‘onlarini (antitanachalar) qurib qo‘yish orqali hujumdan betalafot chiqib ketish (immunitet) imkonini ochib berdi. Dunyo tarixida ilk vaksinatsiya namunalari bundan taxminan ming yil oldin Hindistonda va Xitoyda qo‘llanilgan degan farazlar mavjud, lekin haqli ravishda butun dunyo tibbiyotining otasi deb tan olingan ulug‘ ajdodimiz Abu Ali ibn Sino o‘ninchi asrdayoq xavfli yuqumli kasalliklar bilan kurashishning juda muhim qoidalarni insoniyatga tuhfa etgan.
Butun dunyoda vaksinalarning bir qancha turlari mavjud. Hammamiz ularni, misol uchun, mamlakatimizda joriy etilgan, chaqaloqlikdan to o‘smirlikkacha bo‘lgan davrda amalga oshiriladigan emlash dasturlari orqali yaxshi bilamiz va vaksina kirib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak.
Bugungi kunda koronavirusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar yurtimizga bir necha turdagi vaksinalardan bir necha million doza olib kelindi. Vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Emlanish zarurati shundaki, birinchidan, o‘ta zararli, zaharli va hatto o‘limgacha olib borayotgan koronavirusni tanamizga qabul qilib, uni toki tanamiz yengib chiqarib yubormagungacha kutishdan, bu “katta jangda” organizmimizni batamom holdan toydirib, keyinchalik turli boshqa kasalliklarni orttirib olishimizga sababchi bo‘lganimizdan ko‘ra, koronavirusdan tamomila xoli holatda o‘zimizni, oila a’zolarimizni, yaqinlarimizni va aholimizni emlaganimiz minglab karra afzaldir.
Ikkinchidan, koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqiniga tutilib, virus yuqtirib olgan yaqinlarimizni uzoqdan kuzatib turishdan, yana karantin cheklovlarini joriy qilib, farzandlarimizni maktablarga yubormasdan uyga qamab, orzu-havasli damlarini cheklab turishdan va eng yomoni, o‘zimiz va mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqishiga, jamiyatimizda hukm surayotgan yangilanish jarayonlarining sekinlashuviga sababchi bo‘lishdan ko‘ra, vaksinalar bilan emlanish – aql va mantiqqa mos bo‘lgan eng to‘g‘ri qarordir. Zero, barchamiz insoniyatning bir yildan ziyod vaqt mobaynida ushbu pandemiyadan katta aziyat chekkaniga o‘zimiz guvohmiz.
Bugungi kunda yurtimizda 11 million dozadan ortiq vaksinadan foydalanildi. Samarqand viloyatida esa bu ko‘rsatkich 1 200.000 dozani tashkil etadi.
Germaniyaning Deutsche Welle nashrining ma’lumotiga ko‘ra, COVID-19 ga qarshi emlash Germaniyada minglab o‘limlarning oldini olgan. Germaniyaning Robert Kox instituti mutaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi emlash kompaniyasining dastlabki 6 oy davomida 38 mingdan ortiq o‘limning oldi olingan. Dorilarsiz profilaktika choralari va vaksinatsiya 706 ming infeksiya yuqish holatining oldini olishga, kasalxonalardagi bemorlar sonini 76,6 mingga kamaytirishga yordam bergan.
AQShning Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlangandan beri Germaniyada 3,8 million COVID-19 ga chalinish holatlari qayd etilgan, deyarli 92 ming kishi vafot etgan. AQSh aholisining 55 foizi to‘liq emlangan.
Bugungi vaziyatda Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi ham yurtimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada faollashtirish borasida Samarqand va qo‘shni viloyatlar aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgiladi. Institutning 35 ta kafedrasida faoliyat ko‘rsatayotgan 300 nafardan ziyod professor-o‘qituvchilar Samarqand shahrining 12 ta oilaviy poliklinikalari, viloyat, tuman (shahar)larning 16 ta markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi, 47 ta oilaviy poliklinikalari va 131 ta OShPlariga SOVID-19 koronovirus kasalligi tufayli statsionar va ambulator davolangan bemorlarni davolash yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatish, aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish uchun biriktirildi.
Samarqand shaxrida 2 ta (2- va 4-son oilaviy poliklinikalarda), qolgan 15 ta tibbiyot birlashmalari negizida 1 tadan, jami 17 ta maxsus COVID-poliklinika tashkil qilingan. Maxsus poliklinikalarda 51 ta mobil brigadalar faoliyat olib bormoqda va ularning har biriga bir kunda o‘rtacha 50-55 ta murojaat bo‘lmoqda. Viloyatda bugungi kunda 353 ta emlash punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Institutning malaka oshirish fakultetida koronavirus kasalligini davolashga mo‘ljallangan shifoxonalarda faoliyat yuritishi uchun jami 473 nafar vrachlar Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirus kasalligini davolash uchun 8-yig‘ilish bayonnomasi bo‘yicha o‘qitildi va maxsus sertifikatlar berildi. Hozirgi kunda yana 100 nafar vrachlar o‘qitilmoqda.
Aholiga amaliy yordam ko‘rsatish, ular tomonidan koronavirus infeksiyasi borasida paydo bo‘layotgan savollarga tegishli mutaxassislar tomonidan tavsiya xamda maslahatlar berish maqsadida 2021 yil 1 iyuldan 24 soat davomida faoliyat olib boradigan «Sall-markaz» va uning negizida “Onlayn poliklinika” xizmati hamda “Onlayn maslahat” telegram bot kanali tashkil etildi. Ularga puxta bilim va tajribaga ega umumiy amaliyot shifokorlari, kardiolog, nevropotolog, endokrinolog, LOR, infeksionist, akusher-ginekolog va psixolog kabi malakali professor-o‘qituvchilardan iborat mutaxassislar biriktirildi.
Bugungi kunga qadar “Onlayn poliklinika” xizmati bilan hamda “Onlayn maslahat” telegram bot orqali 2710 ta murojaatlar kelib tushgan va 2695 tasiga maslahatlar berilib, bir vaqtning o‘zida mutaxassislar tomonidan aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 15 holatda tibbiyotga oid bo‘lmagan savollar bo‘lganligi uchun ularga tegishli tashkilotlarga murojaat qilishlari lozimligi tushuntirilib kelindi.
Yuqoridagi sa’y-harakatlarimiz bugungi kunda butun dunyoni larzaga solib kelayotgan ko‘rinmas dushmanni tez va talafotlarsiz yengishga qaratilgan.
Jasur Rizayev,
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor.