O‘zbek-Xitoy vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari bilan emlash nima sababdan 1 hafta muddatga to‘xtatildi?

Ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 9 avgustdan boshlab mamlakatimizda ZF-UZ-VAC-2001 o‘zbek-xitoy vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari bilan emlash 1 hafta muddatga vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ushbu holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov bayonot berdi.

«Dunyo hamjamiyatida vaksinalarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham har kuni 350-400 ming odam emlanyapti.

Emlash tadbirlari orqali kasallikni boshqarish mumkin. Qachonki vaksinatsiyadan keyin 50 foizdan ko‘proq odamda immunitet paydo bo‘lsa, ya’ni immunogenlik 50 foizdan yuqori bo‘lsa, u samarador hisoblanadi. Hozir bizlar ishlatayotgan vaksinalarning birinchi dozasi bilanoq biz shu samaradorlikka erishyapmiz.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasining ikkinchi dozasini olishi kerak bo‘lganlarning 50 foizi, uchinchi dozani olishi kerak bo‘lganlarning 70 foizi o‘z vaqtida navbatdagi vaksinani olishga kelmayapti. Agar biz ularning navbatdagi dozani olishi uchun vaksinalarni saqlab turaversak, vaqtdan yutqazamiz.

Shu bois aholining katta qismida qisman bo‘lsa-da immunitet shakllantirish uchun mavjud vaksinalarni faqatgina birinchi dozani oluvchilar uchun qo‘llashga qaror qildik. Biz shu orqali kasallikka qarshi qisman immunitet shakllantirishimiz va kasallik yuqqan taqdirda, yengil o‘tishi uchun zamin yaratgan bo‘lamiz.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinalar yetkazib berishda muammolar bo‘lsa, vaksinalar orasidagi belgilangan muddatni 12 haftaga uzaytirish mumkinligini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, ushbu tashkilot gibrid vaksinalar haqida ham bosh qotirmoqda. Bu — agar biror vaksina bilan emlanishni boshlasak, boshqa vaksina bilan yakunlash ham mumkin bo‘ladi, degani. Bu borada har qanday yangilikni tezkorlik bilan aholiga yetkazishda davom etamiz», deya ta’kidladi Nurmat Otabekov.