Samarqandda tungi vaqtda avtomashinalardan buyumlarni o‘g‘irlagan 21 yoshli yigit ushlandi

Samarqand shahar IIBga Xo‘ja Axror Vali mahallasida yashovchi, fuqaro ariza bilan murojaat qilib, 2022 yil 2 yanvar kuni soat tungi 00:10 larda Samarqand shahri Zargartepa mahallasida turgan “Damas” rusumli avtomashinasidan, 800 000 so‘mlik videotasvirga olish uskunasi noma’lum shaxs tomonidan o‘g‘irlanganini aytgan.

Xuddi shunga o‘xshash holat bo‘yicha yana Zargartepa mahallasidan boshqa bir fuqaro soat tungi 02:00 larda uyi oldida turgan “Nexia-2” mashinasidan bahosi 300 000 so‘mlik videotasvirga olish uskunasi va 50 000 so‘m puli yo‘qolganini ma’lum qilgan.

Shahar ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni Samarqand shahri So‘zangaron ko‘chasida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan 21 yoshli shaxs sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchidan bir necha xil videoregistrator, "antiradar", shnurlar, temir lineyka, USB, 32 GB xotiraga ega telefon fleshkasi, atir va 1, 5 mln so‘mlik pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.