Samarqandda Xitoyning Ninsya-Xuey rayoni bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Bunda qishloq xo‘jaligiga alohida o‘rin ajratiladi. Ninsya-Xuey avtonom rayoni vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ana shu haqda so‘z yuritildi.
Uchrashuv avvalida ishtirokchilar xitoylik investorlar tomonidan qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan loyihalarga to‘xtalib, Xitoy bilan o‘zaro aloqalar soha istiqbollariga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qayd qilinganidek, viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev boshchiligida viloyatimiz vakillari o‘tgan yili 11-17 dekabr kunlari Ninsya-Xuey avtonom rayonida bo‘lgandi. Xizmat safari davomida xitoylik kompaniyalar bilan hamkorlikda Payariq tumanida 12 ta, Nurobod tumanida 2 ta loyiihani amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishilgan.
2024-2025 yillarga mo‘jallangan rejalarning umumiy qiymati 235,6 million dollarni tashkil qiladi.
Samarqandda kechgan bu galgi muloqotlarda Ninsya-Xuey avtonom rayoni devonxonasi direktori o‘rinbosari Chjan Livey, boshqaruv idoralari xodimlaridan tashqari bir guruh tadbirkorlar ham ishtirok etdi.
Ular bilan kelishuvlarni amalga oshirish istiqbollari va boshqa masalalar yuzasidan fikrlashib olindi.
Ninsya-Xuey avtonom rayoni devonxonasi direktori o‘rinbosari Chjan Livey o‘zaro hamkorlikni keng qamrovda yo‘lga qo‘yish har ikki tomon manfaatlariga xizmat qilishini aytib o‘tdi.