Samarqandda yana bir yirik xalqaro konferensiya o‘tkaziladi
Joriy yil 25-26 sentyabr kunlari Samarqandda “Hamma uchun barqaror infratuzilma yaratish” shiori ostida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) boshqaruvchilar Kengashining yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan poytaxtimizda mazkur anjumanga tayyorgarlik jarayoni tahlil etildi. Mamlakatimizdan mas’ullar va OIIB yuqori mansabdor shaxslari ishtirok etgan tadbirda barqaror infratuzilmaga investitsiya kiritish orqali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga ko‘maklashishga o‘zaro sodiqlik ta’kidlandi.
– Ilk bor Markaziy Osiyoda o‘tadigan ushbu tadbir mezbonligi O‘zbekistonga, Samarqand shahriga ishonib topshirilgan, – dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shohruh G‘ulomov. – Barchaga ma’lumki, bu ulug‘vor shahar asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li chorrahasini yaratgan, qit’alar aro savdo, iqtisodiyot, madaniyat, fan va texnika markazi bo‘lgan. Anjuman turli sivilizatsiyalar o‘rtasidagi faol muloqot maydonini shakllantirayotganidan faxrlanamiz. Davlatimiz tanlagan ustuvor yo‘nalishlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan har bir kishi uchun barqaror infratuzilma yaratish mavzusi bugun har qachongidan muhim. Muhimi, respublikamiz Markaziy Osiyoning barcha hududlarida mintaqaviy aloqani saqlab qolish, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydigan strategik pozitsiyaga ega.
Rejalashtirilgan muhokamalardan tashqari, yig‘ilishda O‘zbekistonda ham investitsiya va donor forumi tashkil etilishini mamnuniyat bilan e’lon qilaman. Ushbu forum yangi xalqaro donor tashkilotlari hamkorlar bilan muloqotga kirishishi uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Xalqaro donorlar, investorlar va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida doimiy aloqa o‘rnatish imkonini beradi. 2024 yildan boshlab hukumatimiz infratuzilma va ijtimoiy rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro grant mablag‘larini jalb etishga ustuvor ahamiyat berdi. 100 dan ortiq davlat vakillarining Samarqandga bu galgi tashrifi ham ijtimoiy samarali loyihalarning boshlanishiga turtki berishi shubhasiz.
Samarqandda “Hamma uchun barqaror infratuzilma yaratish” shiori ostida o‘tadigan OIIB boshqaruvchilar Kengashi yillik yig‘ilishi sessiyalari va ikki tomonlama uchrashuvlarda yangi loyihalar batafsil taqdim etiladi. Konferensiyaning har bir ishtirokchisi O‘zbekistonda biznes yuritishning yangi usullarini, afzalliklarini kashf etadi.
– OIIB nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki aholi turmushini yaxshilaydigan barqaror infratuzilma loyihalarini ham qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda, – OIIB vitse-prezidenti va korporativ kotibi Ludger Shuknext. – O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi faoliyatimiz ushbu mas’uliyatning tasdig‘idir. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatimiz, mijozlarga yo‘naltirilgan yondashuvimiz, “Ertangi kun infratuzilmasi”ni moliyalashtirish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorligimiz, mintaqadagi faoliyatimiz Samarqand anjumani tufayli yanada kengayishidan umidvormiz.
Bizda hozir tasdiqlangan 15 loyiha mavjud. Sarmoyamiz energetika, transport, suv va boshqa muhim sohalarga qaratilgan jami 3,1 million dollar qiymatga ega. O‘zbekiston oltinchi yirik mijozimiz sifatida Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik hamkor hisoblanadi.
Bu loyihalar shunchaki raqamlar emas, barqaror, bardoshli, hozirgi va kelgusi muammolarga javob beradigan infratuzilma barpo etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatimiz in’ikosidir.
Toshkentdagi tadbirda OIIB Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi asosiy loyihalarga bag‘ishlangan bir necha taqdimoti orqali mintaqada iqtisodiy o‘sish va taraqqiyotni rag‘batlantirishga qaratilgan sa’y-harakatini namoyish qildi. Ishtirokchilar bank faoliyati, xususan investitsiya amaliyoti haqida batafsil ma’lumot oldi.
Taqdimotlar 27-29 avgust kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekistondagi OIIB loyihalari to‘plamini suveren moliyalashtirish bo‘yicha uch kunlik seminar oldidan ayni muddao bo‘ldi. Seminardan ko‘zlangan maqsad yurtimizda OIIB tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni o‘rganish, muhokama qilish, faoliyatning samaradorligini oshirish va strategik ustuvorlikka muvofiqligini ta’minlash.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ko‘p tomonlama rivojlanishga yo‘naltirilgan moliyaviy tuzilma bo‘lib, Osiyo va boshqa qit’alarda infratuzilmani barqaror rivojlantirishga asoslangan faoliyat yuritadi. 2016 yil ish boshlagan tuzilma butun dunyo bo‘ylab 109 nafar tasdiqlangan a’zoga ega. Kapitali 100 milliard dollarini tashkil etadigan bankka eng yirik xalqaro agentliklar tomonidan AAA reytingi berilgan. OIIB yangi kapital chiqarish, ekologik toza, texnologik va mintaqaviy aloqani rivojlantirishga yordam beradigan infratuzilmaga sarmoya kiritish orqali mijozlar ehtiyojini qondirib keladi.
Muharrama Pirmatova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA