Samarqandda yil oxirigacha 1327 gektar maydonda kooperativlar tashkil etiladi

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, qishloqlarda kam ta’minlangan aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqildi. Ya’ni, qishloq xo‘jaligida ishlash imkoniyati va ishtiyoqi bo‘lgan ahodi vakillari birlashtirilib, kooperativ tashkil etilmoqda.

Viloyatimizda 52 ta qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish kooperativlari tashkil etish rejalashtirilgan edi. Amalda bugun ularning soni 63 taga yetdi.

Payariq va Qo‘shrabot tumanidagi kooperativlar uzumchilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan.

Kattaqo‘rg‘on tumanida qulupnay, uzumchilik faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun 106,6 gektar yer 279 nafar fuqaroga bo‘lib berildi. Ularga ishni tashkil qilishlari uchun 1 milliard so‘mdan ko‘proq kredit mablag‘lari ajratilmoqda.

Shuningdek, Nurobod tumanida 87 gektar maydonda bog‘dorchilik-sabzavotchilik yo‘nalishida kooperativ tashkil etilgan bo‘lsa, qolgan tumanlarda kredit va subsidiya mablag‘lari asosida meva-sabzavotchilik kooperativlarida minglab fuqarolarimiz bandligi ta’minlanmoqda.

Umuman, viloyat bo‘yicha 1327 gektar maydonda kooperativlar tashkil etiladi.

Akbar Norqo‘ziyev,

fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat Kengashi raisi.