Oltiariq tajribasi: Samarqand uzumchiligida bu usul samara beradimi?

Shu yil 27 iyul kuni Prezidentimiz Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Oltiariq tumanidagi “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligi uzumzorida bo‘ldi. Tumanning uzumchilik tajribasini yuqori baholagan Prezident hududlardagi iqlimi uzumchilikka mos tumanlarda Oltiariq tajribasi asosida uzum yetishtirish va tokzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Vazifalar ijrosi doirasida aynan shu fermer xo‘jalik uzumzorida hududlardagi soha rahbarlari ishtirokida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. 

   Bugungi kunda tumanda yetishtirilayotgan “Rizamat ota”, “Kelin barmoq”, “Husayni”, “Shaharangul” va boshqa nomdagi uzumlar xorijda ham xaridorini topgan. 2017 yilda Oltiariqda jami 13 gektar tokzor mavjud bo‘lgan. Respublikamizda uzumchilikni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tufayli Farg‘ona viloyatida paxta va g‘alladan yetarli hosil olinmagan baland-past maydonlar uzumchilikka ixtisoslashtirildi. Natijalar esa ko‘zni quvontiradi. 

Ikki kunlik seminarda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari Sh.Xudoyberdiyev boshchiligidagi viloyatimiz vakillari ham ishtirok etdi. Ular ko‘rgan tajribalarni viloyat hududlarida ommalashtirish, iqlimi mos tumanlarda uzumchilikni rivojlantirish borasida alohida rejalar ishlab chiqdi. 

Viloyat statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Samarqandda 48529,6 ming gektar uzumzor mavjud va ushbu maydonlardan 2022 yilda 625 ming 371 tonna uzum olingan. 

Viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi esa 2023-2024 yillarda viloyatda uzumchilikni rivojlantirish, bo‘sh turgan maydonlardan samarali foydalanish va tokzorlarni kengaytirish rejalarini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, dala chetlari, kollektor bo‘ylaridagi 5373 gektar bo‘sh maydonga xo‘raki, kishmishbop, sanoatbop tok ko‘chatlari ekiladi.

Rejaga asosan joriy yil yakuniga qadar 7850 gektar, 2024 yil yakuniga qadar jami 20 ming gektar yerda yangi uzumzorlar barpo etiladi. Shuningdek, 196 mahalladagi 32366 xonadon ixtiyorida bo‘lgan 2518 gektar tomorqada tokzorlar yaratiladi. Tumanlarda bu borada yangi rejalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etish choralari boshlangan. 

- 28-31 iyul kunlari Oltiariq tumanida  respublika ko‘rgazmali seminarida Xitoypoyon mahallasi raisi va “Gulnigor dalasi” fermer xo‘jaligi boshlig‘i bilan birgalikda ishtirok etdik, - deydi Jomboy tumani hokimining o‘rinbosari A.Ikromov. – Oltiariqdagi o‘nga yaqin xonadonning uzumchilik faoliyati bilan tanishdik. Xonadon sohiblari va boshqa mutaxassislar bilan suhbatlashib, tajriba almashdik. Mazkur ko‘rgazmali seminardan kelib chiqib, tumanimizda ham sohani rivojlantirish uchun rejalar belgilab oldik. 

Jumladan, joriy yilning avgust oyida tumandagi barcha mahalla raislari va uzumchilikni tashkil qilish istagidagi tashabbuskorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari boshliqlari, shuningdek, boshqa tashkilot va korxonalar vakillarini Oltiariq tumaniga qisqa muddatli xizmat safariga yubormoqchimiz. 2023-2026 yillarda 2 ming gektar yerda uzumzorlar tashkil etish uchun “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqyapmiz. 2023 yil yakuniga qadar 450 gektar va keyingi yillarda ham aniq manzillari va muddatlari ko‘rsatilgan aholi tomorqalari, fermer va dehqon xo‘jaliklarining ekin maydonlari atroflari, ariq va zovurlar chetlari hamda yo‘l yoqalariga tok ekishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, tumandagi “Ahmadjon Qurbonov”, “Guliston”, “M.Bozorov”, “N.Esonturdiyev” va “Mirzo Ulug‘bek”  massivlaridagi ball-boniteti past bo‘lgan, bog‘dorchilikka mo‘ljallangan yerlardan 500 gektar maydon uzumchilik uchun ajratiladi. Oltiariq tumanidan tajribali dehqonlarni jalb etish niyatidamiz.

Shuningdek, tumandagi “Bog‘bon in-vitro” laboratoriyasi va akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasi va boshqa ta’lim muassasalari olimlari hamda ko‘chatchilik xo‘jaliklari mutaxassislarini jalb etib, aholi va fermerlar ishtirokida o‘quv seminarlar tashkil etmoqchimiz. Uzumchilikning daromadli va foydali tomonlarini targ‘ib etuvchi o‘quv materiallari, videoroliklar ishlab chiqish, tegishli tarmoqlar orqali tarqatish va tashviqotning boshqa usullaridan foydalangan holda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib boramiz.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.