Ishtixon tumani uzumzorlariga qanday kasallik tegdi?
Joriy yilning 13 iyun kuni Zarnews.uz telegram kanalida Ishtixon tumanining ayrim fermer xo‘jaliklari tokzorlarida noma’lum kasallik qayd etilgani va bu bo‘yicha olimlar va mutasaddilarning ko‘magi zarurligi yuzasidan videomurojaat e’lon qilindi.
Mazkur murojaatdan kelib chiqib, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti dotsenti Qahramon Xushvaqtov, Ishtixon tumani qishloq va suv xo‘jalik bo‘limi bosh mutaxassisi Lochin Tursunov, “Yangikent-Fayz” MChJ raisi Abdusamad Mardiyev va boshqa mutasaddilar hamkorligida tumanning Yangikent mahallasi hamda Chaqar massivi hududidagi zararlangan tokzorlarda ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman hududidagi 30 gektarga yaqin tokzor maydon kasallikdan zararlangan.
Bundan avval ham vaziyat o‘rganilgan, ekin maydonlarini zararlagan kasallik turi, uni keltirib chiqargan omillar va uning profilaktikasi olimlar tomonidan tahlil qilingan.
Vaziyatni o‘rganish natijasida institut dotsenti Qahramon Xushvaqtov hamda agrokimyo, tuproqshunoslik, o‘simliklar himoyasi va karantini kafedrasi katta o‘qituvchisi Salohiddin Ahmedov quyidagi xulosalarni bayon etishdi:
“Uzumzorlar “Mildyu” (soxta un shudring) kasalligi bilan zararlangan bo‘lib, bu kasallik joriy yil mavsumda keng tarqaldi. Bu kasallik bilan tokning barcha yer ustki yashil organlari – barglari, yosh bir yillik novdalari, gullari, g‘o‘ra mevalari, meva bandlari va mevalari kasallanadi va bu hududda ham shunday bo‘lgan. Bu o‘ta zararli kasallik bo‘lib, O‘zbekiston hududida ko‘p tarixga ega emas, nisbatan yosh kasallik. Kasallikni Plasmopara viticola zamburug‘i qo‘zg‘atadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi 1870 yilda Amerikadan tok qalamchalari va ko‘chatlari bilan Yevropaga keltirilgan. 1878 yilda Fransiyada, 1880 yilda Bolqon yarim oroli mamlakatlarida va Moldovada, Kavkazda, 1882 yilda Qrimda uchraganligi aniqlangan. Hozirga qadar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun tashqi karantin ob’yekti bo‘lib hisoblanar edi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi kosmopolit, barcha uzum ekiladigan mamlakatlarda uchraydi. Ba’zi yillarda Markaziy Osiyoning Turkmaniston hududida uchragan. O‘zbekistonda esa soxta un-shudring birinchi marta Sirdaryo viloyatida 1993 yilda qayd etilgan. Keyingi yillarda (2001-2003 yillar) kasallik Toshkent, Sirdaryo, Samarqand va Navoiy viloyatlarida, ba’zan katta maydonlarda kuzatilmoqda. Faqatgina bir yillik, yosh yashil novdalar kasallanadi.
Ushbu kasallikni qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ faqat tokni zararlaydi.
Kasallik tashqi omillar sharoitida, ya’ni yog‘ingarchilik me’yoridan ortib ketganda, past tekisliklarda (chuqurliklarda) havo sirkulyasiyasi yaxshi bo‘lmagan, namgarchilik to‘planib qoladigan hududlarda paydo bo‘ladi (shuningdek, kuzda xomtok o‘tkazilmaganda yoki tok novdalari ko‘tarilmaganda ham uchraydi).
Quruq va issiq sharoitda (30 darajadan ortiq issiqda) kasallikning rivojlanishi to‘xtaydi. Ammo O‘zbekistonning tog‘ va tog‘ oldi zonasida avgust oylarida shudring tusha boshlashi bilan kasallik yana qaytadan rivojlanib ketishi ham mumkin”.
Olimlar tomonidan bu kasallikka qarshi kurash choralari, uning profilaktikasi, ayni vaziyatda tok novdalariga qanday kimyoviy ishlov berish, ozuqaviy preparatlar bilan parvarishlash bo‘yicha kerakli tavsiya va yo‘llanmalar berilgan. Fermer xo‘jaliklarini zarur kimyoviy dori vositalari bilan ta’minlash borasida mutasaddilar bilan kelishib olingan.
Lavha e’lon qilingan kundan buyon 20 kundan ortiq vaqt o‘tdi. Mirishkorlar uchun yozning har bir kuni g‘animat. Bu vaqt davomida vaziyat qaysi tomonga o‘zgardi? Dehqonlar olimlar bergan tavsiyalar asosida kasallikni bartaraf eta olishdimi? Xalqimizning rizqi bo‘lgan uzumzor hosili saqlab qolindimi?
- Tumanimiz hududidagi 6 ta fermer xo‘jaliklarining uzumzor maydonlarida zararlanish holatlari qayd etilgan edi, - tuman qishloq va suv xo‘jalik bo‘limi bosh mutaxassisi L.Tursunov. - Jami 30 gektar maydondagi tokzorlar kasallangan. Karantin davriga to‘g‘ri kelganligi uchun vaziyat biroz murakkablashib ketdi. Mutaxassislar va olimlarning tavsiyasi asosida barcha agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi, zarur choralar ko‘rildi. Ayni damda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi, deb ayta olamiz. Zararlangan maydonlardagi kasallik bartaraf etildi. Barcha maydonlarda emas, asosan chuqurliklarda joylashgan hududlarda kasallik avj olgan. Zarur kimyoviy dori vositalari va ozuqaviy preparatlar bilan parvarishlash natijasida dehqonlarimiz bu kasallikni yengishdi.
- Afsuski, 70-80 foiz hosildan ayrildik, - deydi “Yangikent-Fayz” MChJ raisi Abdusamad Mardiyev. - Tekisliklardagi maydonlardagi tokzorlarda bu kasallik umuman qayd etilmagan. Bor umidimiz ana shu maydonlardan. Endi kuzgi profilaktik tadbirlarni kuchaytirishga to‘g‘ri keladi. Tabiat injiqliklarini shu yo‘l bilan yengish mumkin. Sentyabr oyining ikkinchi o‘n kunligidan boshlab, tokzorlarda kuzgi ko‘mish ishlari boshlanadi. Barcha-ichki va tashqi omillar hisobga olingan holda bu tadbirni o‘tkazish rejasini ishlab chiqdik.
Gulchehra Berdiyorova tayyorladi.