Narpay, Oqdaryo, Jomboy, Paxtachi va Nurobod tumanlarida tokzorlar barpo etish istiqbollari ko‘rib chiqilishi kerak
Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda barcha toifadagi xo‘jaliklarda tokzorlar maydoni 43,6 ming gektarni tashkil etib, shundan 37,6 ming gektari hosilga kirgan va 5983 gektari hosilga kirmagan tokzorlardir. 2020 yilda yig‘ib olingan uzumning yalpi hosili 574,6 ming tonnani, o‘rtacha hosildorlik esa 147,7 sentnerni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatgich bo‘yicha viloyatning respublikadagi ulushi 36 foizni tashkil etgan.
Hosilga kirgan tokzorlarning 62 foizi Urgut, Ishtixon, Payariq, Samarqand va Bulung‘ur tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning tarkibida eng yuqori hosildorlik Ishtixon (196,9 sentner), Payariq (159,9 sentner) va Urgut (151,2 sentner) tumanlarida kuzatilgan. Eng past darajadagi hosildorlik Samarqand (72,6 sentner) va Bulung‘ur tumanlarida qayd etilgan.
Barcha yoshdagi tokzorlarning 29029 gektari fermer xo‘jaliklari, 12528 gektari dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari va 2049 gektari MChJlarda joylashgan. Shundan birinchi toifa guruhidagi hosildorlik 115,7 sentnerni, ikkinchi toifada 240 sentnerni va uchinchi toifada 108,3 sentnerni tashkil etmoqda.
Hosilga kirmagan tokzorlarning 956 gektari Urgut, 427 gektari Samarqand, 343 gektari Qo‘shrabot va 335 gektari Ishtixon tumaniga to‘g‘ri keladi. Bulung‘ur, Toyloq, Narpay, Past Darg‘om, Oqdaryo va Jomboy tumanlarida yangi tokzorlar barpo etish ishlari mavjud imkoniyatlar darajasidan ancha pastligicha qolmoqda.
Hosildorlik nuqtai nazaridan qaraganda, eng past darajadagi samaradorlik qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarda kuzatilmoqda. Ulardagi ushbu ko‘rsatgich fermer xo‘jaliklariga nisbatan 7,4 sentnerga past.
Narpay, Oqdaryo, Jomboy, Paxtachi va Nurobod tumanlarida tokzorlar barpo etish istiqbollari alohida ko‘rib chiqilishi lozim. 2022 yildan boshlab paxta va g‘alla ekin maydonlari 14 ming gektarga qisqarilayotganini, yaqin yillarda bu jarayon yana ham jadallik bilan tus olishini inobatga olsak, paxtakor tumanlar uchun ushbu jarayon nechog‘lik dolzarb ekanligi ayon bo‘ladi. Misol uchun, Jomboy tumani ikkita uzumchilik rivojlangan tumanlar o‘rtasida joylashgan, ammo tokzorlar maydoni 10-15 marotaba kam. Vaholanki, 20 yil ilgari tuman uzumchilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashuvi to‘g‘risida hukumatning maxsus qarori qabul qilingan.
Yangi tokzorlar va bog‘lar yaratishning yana bir muhim tomoni shundan iboratki, yildan yilga dehqonchilik sohasida sug‘orish ishlaridagi muammolar kuchayib bormoqda. Ayrim tumanlarda paxta va g‘alla yakka hukmronligi tufayli eng kam suv talab qiladigan toklarni sug‘orishda ham muammolar yetarli darajada.
Bundan birinchi xulosa shuki, irrigatsiya tizimi bilan dehqonchilik mahsulotlarini joylashtirish jarayonini raqamli texnologiyalarga tayangan holda moslashtirish vaqti keldi.
Ikkinchidan, uzumchilikka doir statistik faoliyat ko‘ngildagidek emas. Buning asosiy sababi, toklarning uchdan bir qismi tomorqalarda joylashganidan kelib chiqadi. Hisobotlardan uzumning qanchasi texnik sortlar va qanchasi xo‘raki ekanligi, ularning tarkibida qanchasi mayizbop, sharbatbop, donaksiz va donakli ekanligi ko‘rinmaydi, tokzorlarning yoshi ham aniq qilib ko‘rsatilishi lozim. Shunday hisobot yo‘lga qo‘yilmasa uzumchilikni O‘zbekiston iqtisodiyotida drayver sifatida rivojlantirish, ushbu maqsadda marketing tadqiqotlarini amalga oshirish amri mahol bo‘lib qolaveradi. Masala yechimini mobil ilova ishlab chiqish va qo‘llashda ko‘rish mumkin. Buning uchun fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan tushuntirish ishlari olib borilishi, mobil ilova orqali hosildorlikni oshirish, toklarni kasalliklardan asrash, suv ta’minotini yaxshilash va shu yo‘l bilan daromad va sof foydani ko‘paytirish mumkinligi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Ilhom VAFOYeV,
Zuhur NIYoZOV.