Sirliboy navli uzumning bir boshi 7 kilogrammgacha tosh bosadi

Bundan 5-10 yil avval qo‘shrabotlik fermerlar katta-katta lalmi yer maydonlarida bug‘doy, arpa, no‘xat, kunjut va shu kabi mahsulotlar yetishtirardi. Yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lgan yillarda ozmi-ko‘pmi daromad qilar, ammo aksariyat hollarda qurg‘oqchilik sabab foydadan ko‘ra zarar ko‘rardi. 

Keyingi yillarda esa tuman qishloq xo‘jaligida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bir paytlar suvsizlikdan qaqrab yotgan keng dalalar bugun yashillikka burkangan. Bu maydonlarda tokzorlar, bog‘-rog‘lar barpo etildi. Osmondan tushadigan har bir yomg‘ir tomchisining qadriga yetadigan qo‘shrabotliklar, artezian quduq qazish orqali yer ostidan olinayotgan suvni isrof qilmaslik uchun tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanmoqda.

2020 yilda tashkil etilgan “Oltin Nihol” fermer xo‘jaligiga yosh tadbirkor Oltin Niholov rahbarlik qiladi. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni 35 gektar bo‘lib, hozircha 5 gektarida uzumning “Sirliboy” navi parvarishlanmoqda.

- Bu uzum navi qo‘shni qishloqda yashovchi Sirliboy aka tomonidan yaratilgan va uning nomi bilan ataladi, - deydi fermer. – Uni parvarishlashda ko‘proq mehnat talab qilinadi. Agrotexnik tadbirlari talab darajasida bajarilsa, yaxshi hosil beradi. Masalan, gektaridan 35 tonnagacha hosil olish mumkin. Bir bosh uzumning og‘irligi 0,5 kilogrammdan 7 kilogrammgacha tosh bosadi. Xo‘jaligimizga qarashli jami yer maydonining 20 gektarida faqat shu navli uzum yetishtirishni rejalashtirganmiz. Hozirda 1 gektar yerga ekilgan toklar 2 yillik bo‘ldi va hosil ko‘rsata boshladi. Bu yerdan ham uzum olyapmiz, ham qalamcha. O‘tgan yili 10 ming dona qalamcha olib, tomirlatdik. Bu yil esa yana shuncha qalamcha olib, tokzorimizni kengaytiramiz.

Prezidentimizning shu yil 7 iyul kuni o‘tkazilgan uzum yetishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni yanada rivojlantirish hamda hududlarda enoturizm (uzumchilik va digustatsiya)ni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlardan kelib chiqib tumanda yana yangi uzumzorlar tashkil etiladi.

Sohaga ilm va innovatsiyani keng joriy etish orqali hosildorlikni ikki baravar oshirish choralari ko‘riladi. Sohaga 4 million dollar miqdorida investitsiya kiritiladi. Asosiysi, 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.