Fermerlarning huquqini kim, qanday himoya qiladi?
Bugun oziq-ovqat xavfsizligi global muammoga aylanib bormoqda. Avvalo, aholi ehtiyojini fiziologik me’yorlarga mos ravishda iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlashni nazarda tutadigan bu masalada O‘zbekiston sharoitida keng imkoniyat mavjud. Bu imkoniyat nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki ushbu yo‘nalishda barqaror iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish imkonini beradi.
Tabiiyki, bunda tomorqa yer egalari va fermer xo‘jaliklari muhim o‘rin tutadi. Ularni qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi raisi Akbar Norqo‘ziyevga bir nechta savol bilan murojaat qildik.
- Akbar aka, suhbatimizni dastlab ijtimoiy tarmoqlarda “qilinmaydi” deb hisoblaniladigan fermerlarning haq va huquqi himoyasi masalasidan boshlasak.
- Aslida, bu masala kengashning eng muhim va birinchi galdagi vazifalaridan sanaladi. Shu sabab kengashning viloyat va tumanlardagi mutaxassislari tomonidan fermer xo‘jaliklarining jismoniy va yuridik shaxslardan pul mablag‘larini undirish, yer maydonidan chiqarish va tuman hokimining qarorlarini qonunga muvofiqlashtirish yoki bekor qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Birgina fermer xo‘jaliklarining jismoniy va yuridik shaxslardan pul mablag‘larini undirish yuzasidan fuqarolik, iqtisodiy ishlar bo‘yicha va ma’muriy sudlarga bir qator da’vo arizalari kiritilgan. Masalan, Bulung‘ur tumanidagi 12 ta fermer xo‘jaligining jismoniy va yuridik shaxslardan 82 million so‘mdan ko‘proq mablag‘lari fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudi qarori asosida undirib berildi. Narpay tumanida “Zirabuloq paxta tozalash” zavodidan 21 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ fermer xo‘jaligiga to‘lanishi ta’minlandi.
Toyloq tumanida 48 ta fermer xo‘jaligining manfaatida “Agrokimyohimoya” AJga nisbatan da’vo arizasi kiritilib, 3 milliard 767 million so‘m undirish bo‘yicha iqtisodiy sud qarori chiqarilishiga erishildi.
Umuman, yarim yil davomida viloyat bo‘yicha fermerlarning 609 million so‘mdan ko‘proq haqlari undirib berilgan.
Bugungi kungacha da’vo arizasi kiritilib, sud jarayonlari ketayotgan ishlar soni ham kam emas. Misol uchun, faqat Toyloq tumanida 5 ta fermer xo‘jaligi manfaatida 57 million 219 ming so‘mlik ish ko‘rib chiqilyapti.
- Mayli, bular endi raqamlar. Fermerning buzilgan huquqlarini kengash ko‘magida tiklangani xususida aniq misollar aytib o‘ta olasizmi?
- Albatta, bu borada Payariq tumanidagi holatni misol sifatida aytib o‘tish mumkin. “Botirov Xo‘rozni dashtdagi dalasi” fermer xo‘jaligining tuman hokimining 2020 yil 2 oktyabrdagi 978-q-sonli qarorini qisman haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi arizasi Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan qanoatlantirildi. Ya’ni, sud qarori bilan tuman hokimi qarorining qayd qilingan fermer xo‘jaligiga oid qismi haqiqiy emas, deb topildi.
Bundan tashqari, tumandagi 7 ta fermer xo‘jaligining buzilgan huquqlarini tiklash va tuman hokimining qarorlarini bekor qilish to‘g‘risida viloyat ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritildi.
- Shu o‘rinda tabiiy bir savol tug‘iladi: qaysi tashkilot yoki idora fermerlarning huquqini ko‘proq buzayotgani tahlil qilib ko‘rilganmi?
- Aynan qaysi tizim yoki tashkilot ko‘proq fermerlar huquqini buzayotgani bu nisbiy tushuncha, menimcha. Ammo ma’lumot o‘laroq aytishim mumkin, joriy yilning o‘tgan olti oyida 70 ga yaqin murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 8 holatda yer maydonini qaytarib olib berishda amaliy yordam so‘ralgan.
Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun Ishtixon tumanidan 2 murojaat ro‘yxatga olingan.
Eng ko‘p murojaat artezian qudug‘i qazishda amaliy yordam berish to‘g‘risida bo‘lgan. Jumladan, bu borada Nurobod tumanidan 4 ta, Paxtachi tumanidan 3 ta, Samarqand tumanidan 2 ta, Past Darg‘om, Qo‘shrabot va Bulung‘ur tumanlaridan 1 tadan shunday murojaat kelib tushgan.
Umuman, viloyatda faoliyat yuritayotgan 12 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari kengash bilan doimiy aloqada bo‘lib, faoliyatlarida muammo paydo bo‘lgan taqdirda hududiy kengashlar yoki viloyat kengashiga ariza bilan murojaat qilganlarida mutaxassislarimiz tomonidan amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatiladi.
- Fikrimizcha, kengash faoliyati aksariyat hollarda fermerlar bilan bog‘liq bo‘lib qolayotgandek. Ayting-chi, tomorqachilar bilan qanday ishlaysizlar? Kengash tomonidan ularga qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?
- “Bir mahalla – bir mahsulot" tamoyili asosida joriy yil yakuniga qadar 482 ta mahalla xonadonlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashib, ikki va uch marta hosil olish yo‘lga qo‘yiladi. Shu maqsadda tumanlarning har bir sektorida “Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning soni 66 taga yetkazildi.
Ular tomonidan aholi xonadonlariga 3,5 ming kilogramm sabzavot, poliz, kartoshka, 50,8 ming dona har xil turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari hamda 14,9 ming kilogramm piyoz va sarimsoqpiyoz urug‘lari yetkazildi.
Shuningdek, 903 ta xonadonda (9,3 gektar) ixcham issiqxona qurildi, 150 ta xonadonga 750 quti asalari uyasi, 136 ta xonadonga 2 ming bosh quyon, 1,8 mingta xonadonga 138 ming bosh parranda, 27 ta xonadonga 135 bosh echki hamda 111 ta xonadonga 524 bosh qo‘y berildi.
Umuman, joriy yil hosili uchun 69 ming 569 gektar tomorqa yerlarida mavsumiy ekinlar ekish, jumladan, 23,9 ming gektar to‘qsonbosti, 57 ming 404 gektar ertaki, 33 ming 292 gektar o‘rtaki (takroriy) ekinlar ekish ishlari tashkil qilinyapti.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan faqatgina artezian suv qudug‘i uchun subsidiya mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini (artezian) qazish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlangan.
Dasturga asosan, yil yakuniga qadar tumanlardagi suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 146 ta mahallada 235 ta suv quduqlari qazish belgilangan. Bugungi kunda 81 ta artezian qududlari qazilib, ishga tushirildi.
Qazilgan quduqlar 840 ta xonadonning 67,2 gektar tomorqasini suv bilan ta’minlash imkonini berdi.
- Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi borligi haqida ko‘pchilik eshitgan, biroq faoliyati haqida aksariyat kishilarda ma’lumot yo‘q.
- Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, tomorqada mahsulot yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda viloyat uchun jamg‘arma tomonidan 21,08 milliard so‘m resurs mablag‘lari ajratilib, 3 ta tijorat bankining (“Agrobank”, Xalq banki, “Mikrokreditbank”) tuman, shahar filiallariga tashlab berilgan. Bugungi kunda ushbu mablag‘larning qariyb 14 milliard so‘mi tomorqa yer egalari tomonidan o‘zlashtirilgan.
Yo.MARQAYeV suhbatlashdi.