Fermer xo‘jaligi tugatilganda yer maydoniga sarflangan xarajatlar qoplab beriladi
Qishloq xo‘jaligi tashkiloti tugatilayotganda yoki maqbullashtirilayotganda, ularga ajratilgan yer maydonida sarflangan xarajatlar bozor qiymatida hisoblanishi va qoplanishi zarur.
Bu ish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “Tugatilayotgan yoki maqbullashtirilayotgan fermer xo‘jaligi yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa sub’yektlarga ajratilgan yer maydonida sarflangan xarajatlar qiymatini hisoblash va qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida amalga oshiriladi.
Nizomning 4-bandiga ko‘ra, yer maydonida sarflangan quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
• ko‘chatlar, ko‘p yillik mevali, hosilga kirmagan ko‘chatlar va manzarali daraxtlar, ularni parvarishlash, hududni obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari;
• qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish maqsadida o‘rnatilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari, suv chiqarish uchun burg‘ulangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish nasos stansiyalarini o‘rnatish hamda ariq-zovurlar qazish, ularni ta’mirlashga ketgan xarajatlar (O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan subsidiya mablag‘lari bundan mustasno);
• qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish maqsadida bajarilgan agrotexnik tadbirlar (yerlarni begona o‘tlardan, tosh va boshqa chiqindilardan tozalash, yer maydonlarini tekislash, haydash, ekishga tayyorlash);
• qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun sarflangan xarajatlar, yetkazib berilgan moddiy-texnik resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorliklar;
• ishlab chiqarish maqsadlari uchun boshqa infratuzilma ob’yektlari — gaz, elektr, oqova va ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmoqlari va yo‘l qurilishiga sarflangan xarajatlar;
• chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida qurilgan inshootlar va boshqa ko‘chmas mulk ob’yektlarini qurish va ta’mirlashga sarflangan xarajatlar;
• qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi doirasida foydalanishdan chiqqan yerlarni qayta foydalanishga kiritish maqsadida sarflangan xarajatlar;
• joriy yil hosilidan paxta xomashyosi, boshoqli don, sholi va sabzavot ekinlari yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurslari hisobidan ajratilgan kredit mablag‘lari.
Xo‘sh, qishloq xo‘jaligi tugatilganda yer maydoniga sarflangan xarajatlar kim tomonidan qoplab beriladi?
Qishloq xo‘jaligi tashkilotining ko‘chmas mulki yoki bajarilgan ishlari qiymati baholovchi tashkilot tomonidan qishloq xo‘jaligi tashkilotining hisobidan aniqlanadi. Baholash qishloq xo‘jaligi tashkiloti tashabbusi asosida amalga oshirilganda, baholovchi tashkilotning hisoboti nusxasi unga ilovalar bilan birgalikda tashkilot tomonidan tuman (shahar) hokimligiga taqdim etiladi.
Tuman (shahar) hokimligida hisobot bo‘yicha e’tirozlar mavjud bo‘lmaganda, tugatilayotgan yoki maqbullashtirilayotgan qishloq xo‘jaligi tashkilotining yer maydoni bir kun ichida Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 30 oktyabrdagi 476-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq tanlovga qo‘yiladi hamda talabgorlarni hisobotda ko‘rsatilgan qoplanishi lozim bo‘lgan xarajatlarning bozor qiymati haqida belgilangan tartibda oldindan xabardor qilish ta’minlanadi. Mazkur talab bajarilmagan taqdirda, ushbu yer maydoni bo‘yicha tanlov o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qishloq xo‘jaligi tashkilotining yer uchastkasida sarflangan xarajatlari yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish tanlovi natijalari asosida olgan fermer xo‘jaligi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan qoplanadi.
Qishloq xo‘jaligi tashkiloti, talabgor va tuman (shahar) hokimligi o‘rtasida yuzaga keladigan nizo bo‘yicha kelishuvga erishilmagan taqdirda, ushbu nizo sud tartibida ko‘rib chiqiladi.
Ibrohim Muzaffarov,
Payariq tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.