Haqini ololmayotgan fermerlar va “Jomboydon” AJ mojarosi: sud munosabat bildirdi, ammo muammo muammoligicha qoldi

2021 yil 16 noyabr kuni saytimizda e’lon qilingan “Fermerlar “Jomboydon” AJdan pullarini ololmayapti: jamiyat vaji esa “yopishmayapti” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. 

Maqolada “Jomboydon” AJga topshirgan g‘allasi uchun bir qator fermerlar pulini to‘liq ololmayotgani, shartnoma soxtalashtirilgani, g‘allaga noto‘g‘ri haq to‘langani va sud bunga e’tibor qaratmagani aytilgan. 

Maqola yuzasidan viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi munosabat bildirdi. Mazkur munosabatda keltirilgan holatlarning askariyati lavhamizda qayd etilgan bo‘lib, yana qator qo‘shimcha savollar yuzaga kelmoqda. Munosabat quyidagicha: 

“Bulung‘ur tumanidagi “Boyto‘p Allayorboy Orzubek” fermer xo‘jaligi va “Jomboy don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida 2021 yil 1 iyunda boshoqli don xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Shartnomaga ko‘ra, fermer xo‘jaligi 2021 yil hosilidan 24,5 tonna davlat buyurtmasi uchun don topshirishi lozim bo‘lgan. 

Shuningdek, “Boyto‘p Allayorboy Orzubek” fermer xo‘jaligi va “Jomboy don gumbaz oltin boshoq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida boshoqli don xarid qilish bo‘yicha fyuchers shartnomasi imzolangan. 

Shartnomaga asosan fermer xo‘jaligi jamiyatga 10 tonna 2500 so‘mdan bug‘doy mahsuloti yetkazib berish majburiyatini olgan. Biroq “Jomboy don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati fermer xo‘jaligi tomonidan yetkazib berilgan ortiqcha 17 ming 610 kilogramm donni o‘ziga qabul qilib, 1347 so‘mdan hisoblab pulini to‘lagan. Fermer xo‘jaligi 17 ming 610 kilogramm donni 2500 so‘mdan hisoblab, 20 million 304 ming 330 so‘m mablag‘ yo‘qotganligini ta’kidlamoqda. 

Xuddi shunday, “Xudoyberdiyev Abdulla dalasi” fermer xo‘jaligi 10 tonna, “Charos Murod dalasi” fermer xo‘jaligi 16 tonna 116 kilogramm, “Elobod nurli yeri” fermer xo‘jaligi 19 tonna 462 kilogramm ortiqcha donni “Jomboy don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatiga topshirgan. Ular ham to‘lovlardagi farqdan norozi. 

Da’vogar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Bulung‘ur tumani kengashi yuqoridagi fermer xo‘jaliklarining ko‘rgan zararini qoplashni so‘rab, sudga murojaat qilgan. 

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “Jomboy don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati va “Jomboy don gumbaz oltin boshoq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati alohida yuridik shaxslar hisoblanadi. Mazkur fermer xo‘jaliklari ularning har biri bilan tuzgan shartnomalarining bajarilishi bo‘yicha bir-biriga nisbatan burchlar hosil qilmaydi. 

Ya’ni, da’vogarning “Jomboy don gumbaz oltin boshoq klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tuzgan har bir kilogramm bug‘doy mahsulotini 2500 so‘mdan xarid qilish to‘g‘risidagi shartnoma majburiyatlari “Jomboy don mahsulotlari” AJga majburiyat keltirib chiqarmasligi sababli da’vo talabini qanoatlantirish rad qilingan.

Hal qiluv qaroridan norozi bo‘lgan da’vogarning apellyasiya shikoyatiga asosan, iqtisodiy ish Samarqand viloyati sudi iqtisodiy sudlov hay’atida apellyasiya tartibida ko‘rilib, sudlov hay’atining 2021 yil 8 oktyabrdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan”. 

Tahririyatdan: Mazkur muammoni jamoatchilikka yana bir bor eslatish uchun fermerlar murojaatidagi ayrim faktlarni qaytadan keltirishga majburmiz:

- fermerlar jamiyat bilan dastlab har kilogramm g‘alla hosili uchun 2500 so‘mdan haq to‘lash borasida shartnoma tuzgan, ammo ularga 1347 so‘mdan haq to‘langani aytilgan;

- shartnoma soxtalashtirilib, bir kilogramm g‘alla uchun qayerdandir 1550 so‘mdan haq belgilangan. Sud bu kabi soxtakorliklarga e’tibor qaratmagani aytilmoqda;

- Fermerlar “Jomboydon” AJ tomonidan yuridik kuchga ega shartnomani buzishga qonuniy baho berilmaganidan norozi;

- 2500 so‘m o‘rniga bir kilogramm g‘alla hosili uchun 1347 so‘mdan haq to‘lanishi qonuniy asos ko‘rsatilmagan. 1550 so‘mlik narx qayerdan kelib qolgani hozirchaga noma’lum.

“Yuqoridagi ikki korxonaning alohida va bir-biriga burchli” ekani aytilmoqda. Ammo nima sababdan ularning ombori bitta ekani, fermerlar faqat ko‘rsatilgan omborga g‘allani to‘kkani holda ham bugun ochiqchasiga ularning ustidan kulgandek “boshqa-boshqa tashkilot” degan gap bilangina izoh berilayotgani g‘alati.

Xo‘p, mahsulotni yetishtirgan va topshirgan fermerlar nima qilishi kerak pulini olish uchun? Mana shu savolga lo‘ndagina javob yo‘q.

Oddiy olib qaraylik, hozir 1347 so‘mga bitta qadoqlangan suv ham bermaydi. G‘alla fermerning yil davomidagi mehnati evaziga yetishtirilgan elning rizqi-ku. 

Maqolada aytilgan fermerlar shartnomani bajarib, yana topshirgan ortiqcha mahsuloti uchun “choychaqa” olishayotgani rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. 

Hatto qarshi tomon ham asoslab rad eta olmaydigan, hamma ko‘rib turgan haqiqatni mutasaddilar ko‘rmayotgani fermerlarga alam qilmay qolmaydi, albatta.

O‘ktam Xudoyberdiyev, Zarnews muxbiri.