Samarqandda YPX xodimiga qarshilik ko‘rsatgan fuqaroga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

2020 yil 10 mart kuni Toyloq tumani Bog‘i chinor mahallasi hududidan o‘tuvchi A-377 “Sadriddin Ayniy - Toyloq” avtomobil yo‘liga xizmatga jalb etilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB xodimlari “Neksiya” rusumli avtomashina haydovchisi transport vositasini xavfsizlik kamarini taqmasdan boshqarib kelayotganligini aniqlab, avtomashinani tegishli tartibda to‘xtatgan. Haydovchiga sodir qilgan qoidabuzarligini tushuntirgan vaqtida, 1982 yilda tug‘ilgan, Toyloq tumani Yangi Toyloq qishlog‘ida yashovchi fuqaro S.O. YPX inspektorining qonuniy talablarini bajarmay, aniqlangan qoidabuzarlik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzishiga qarshilik qilib, o‘zidan uydirma gaplarni uylab topib, atrofdagi fuqarolarni o‘ziga qaratgan va uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, o‘z boshqaruvidagi transport vositasi bilan hodisa joyidan ketib qolgan.

Mazkur holat bo‘yicha S.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi, 194-moddasi va 195-moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilinib, to‘plangan hujjatlar Toyloq tumani ma’muriy sudiga yuborildi.

Toyloq tumani Ma’muriy sudining 2020 yil 11 mart kunidagi qarori bilan S.O.ga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi, 194-moddasi va 195-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.