Samarqanddagi oliygoh “Oxford Conclave 2024” ishtirokchisi bo‘ldi
Joriy yil sentyabr oyining birinchi haftasida Oksford universiteti va Balliol kollejida xalqaro miqyosda ilg‘or tajribaga ega va amaliyotga zamonaviy g‘oyalarni tatbiq etib kelayotgan bir qator oliygoh prezident va rektorlari uchun uch kunlik uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) rahbariyati ham ishtirok etdi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbirda Buyuk Britaniya, AQSh, Osiyo va Afrika davlatlari vakillari ham qatnashdilar. SIUT Markaziy Osiyo mintaqasi hamda MDH davlatlari orasida ushbu anjumanning birinchi va yagona a’zosi sifatida qayd etildi.
Anjumanda jahonning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan universitet rahbarlari ta’limning kelajakdagi taraqqiyoti bilan bog‘liq muhim masalalarni birgalikda ko‘rib chiqdilar.
Muhokama qilingan asosiy mavzular qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:
• bandlikning o‘zgaruvchan tabiati va bu o‘zgarishlarning o‘quv dasturlari va muvaffaqiyatli kasbiy faoliyatni rivojlantirish dasturlariga ta’siri;
• zamonaviy texnologiyalar, ayniqsa sun’iy intellektning mavjud kasblarga ta’siri va bu texnologiyalarning kelajak kasblarini qayta belgilashi;
• talabalarni o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga moslashuvini ta’minlash;
• uzoq muddatli kadrlar ehtiyojini prognoz qilish uchun ish beruvchilar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.
Taqdimotda SIUT rektori professor Yusuf Abdullayev va birinchi prorektor Bobbi Hall O‘zbekiston mehnat bozorining kelajakdagi kadrlar talablari, ayniqsa muhandislik sohasidagi ehtiyojlarni qondirish uchun oliy ta’limning roli va ahamiyatiga alohida urg‘u berishdi. Ayni muammolarni hal etish yuzasidan delegatlarimiz tomonidan kiritilgan takliflar anjuman ishtirokchilari tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi.
Ma’lumot uchun, 2004 yilda tashkil etilgan “Oxford Conclave” dunyo bo‘ylab universitet rahbarlarini birlashtirib, akademik hamkorlik va tajriba almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi. Har yili o‘tkazilayotgan “Oxford Conclave” anjumanlarida Nobel mukofoti laureatlari, taniqli olimlar va siyosiy yetakchilar faol ishtirok etadi.