Samarqandlik haydovchilar uchun ajoyib yangilik

26 may kuni Samarqand shahrida “Sug‘urtaning fuqarolar farovonligini ta’minlashdagi o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda avtotransport vositalari egalari fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimini rivojlantirish, muammolar va kelgusidagi istiqbollar muhokama qilindi.

Tadbirda asosiy e’tibor majburiy avtosug‘urta - avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha belgilangan sug‘urta to‘lov miqdori bugungi bozor narxlariga mos kelmasligiga qaratildi. Suhbatda Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi, sug‘urta kompaniyalari, OAV va blogerlar va sug‘urta xizmatlaridan foydalanuvchi fuqarolar ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, maksimal sug‘urta to‘lovi - 40 million so‘m, bu narx 2019 yildan beri o‘zgarmagan va hozirda avtomobilni ta’mirlash, tibbiy xizmatlar va ehtiyot qismlar xarajatlarini to‘liq qoplashga yetmaydi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksi 160 foizga, eng kam ish haqi esa 265 foizga oshgan.

- Yo‘l-transport hodisasidan jabrlangan fuqarolardan sug‘urta to‘lovi yetmasligi bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paymoqda. Odamlar o‘z hisobidan xarajat qilmoqda va bu sug‘urta tizimiga ishonchni pasaytiradi”, - dedi Sug‘urta to‘lovlarini kafolatlash jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Hamdam Boboyev.

Shuningdek, O‘zbekistondagi sug‘urta majburiyatlari miqdori qo‘shni davlatlar va xorijiy mamlakatlar bilan solishtirganda ancha past ekanligi ta’kidlandi. Masalan, majburiy avtosug‘urta bo‘yicha sug‘urta summasi Qozog‘istonda — 6,8 baravar, Belarusda — 7,1 baravar, Rossiyada — 3,2 baravar, AQShda — 113 baravar yuqori.

Sug‘urta himoyasini kuchaytirish maqsadida avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdorini ikki barobarga oshirish — 80 million so‘mgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Tadbir davomida aholi o‘rtasida sug‘urta savodxonligini oshirish va zamonaviy sug‘urta mahsulotlari haqida ma’lumotni keng tarqatish masalalari ham muhokama qilindi. Sug‘urta bozorida raqobatni kuchaytirish va tartibga solish jarayonini soddalashtirish takliflari bildirildi. Bu esa soha rivoji va fuqarolarning moliyaviy xavfsizlik vositasi sifatida sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.

Avtotransport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish — O‘zbekistonda eng ommaviy sug‘urta turlaridan biri bo‘lib, barcha avtotransport vositasi egalari uchun majburiy hisoblanadi. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan taqdirda, uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar sug‘urta kompaniyasi tomonidan qoplanadi. Biroq inflyasiya va narxlar o‘sishi sharoitida muqarrar sug‘urta to‘lovi miqdori bozor talablariga mos kelmay qoldi.

Kutilmoqdaki, majburiy avtosug‘urta tizimidagi islohotlar yo‘l-transport hodisasidan jabrlangan fuqarolar manfaatlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qiladi.