Samarqandlik talabalar Germaniyada amaliyot o‘tamoqda

Bugungi kunda nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay oladigan xalqaro tajribalarga ega mutaxassislarga ishlab chiqarishda talab ortib bormoqda.

Shu jihatdan Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida talabalarni yozgi ta’til davrida zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari va ilg‘or texnologiyalarni samarali qo‘llayotgan rivojlangan mamlakatlarga amaliyotga yuborish bo‘yicha Germaniya, Buyuk Britaniya, Polsha kabi davlatlarning yirik korxona va tashkilotlari bilan shartnomalar imzolangan. Bugungi kunda institutning 200 ga yaqin talabasi Germaniya, Buyuk Britaniya davlatlarida yozgi amaliyotni o‘tamoqda. Hamkorlik shartnomalariga asosan, talabalarga amaliyot davrida bajargan ishlariga ushbu davlatlarning mehnat qonunchiligi asosida haq to‘lanmoqda.

Yaqinda institut mas’ul xodimlari Germaniyaning “Schneiders Obsthof GmbH”, “Herrmann Kräuter GmbH”, “Schlereth Biogemuseland GmbH” va “Benedikt Ley GmbH” kompaniyalariga borib, talabalarning amaliyot jarayonlari, ularga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, Backstube Wunsche kompaniyasida 74 nafar talabaning ishlab chiqarish amaliyoti jarayonlari o‘rganildi. Xo‘jalikda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, talabalar yotoq joylari, undagi qulayliklar bilan tanishdi. Shu bilan birga, talabalarning sog‘lig‘i, amaliyot jarayonida o‘rganayotgan tajribasi to‘g‘risida fikrlari tinglandi. Xo‘jalik asosan ko‘kat, sabazavotlar yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, talabalarning dala amaliyotiga borib-kelishi uchun maxsus transportlar ajratilgan. Dala amaliyoti jarayonida kiyish uchun maxsus kiyimlar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, talabalarning sayohat qilishlari uchun alohida mikroavtobus ajratilgan bo‘lib, dam olish kunlari ular shaharning diqqatga sazovor joylar bilan tanishmoqda.

Talabalar amaliyot o‘tayotgan korxonalardan yana biri Germaniyaning shimolida joylashgan “Benedikt Ley” kompaniyasi bo‘lib, ushbu korxona dunyo bozorida talab yuqori bo‘lgan organik qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Korxonada turli organik don, sabzi, qand lavlagi, piyoz va boshqa turdagi sabzavot ekinlarini yetishtiriladi. Kompaniyada talabalar amaliyoti uchun barcha sharoitlar yaratilgan: ular xo‘jalikda zamonaviy texnikalardan foydalanish, raqamlashtirilgan texnikalarning dasturiy ta’minoti bilan tanishish va amaliyotda qo‘llash, begona o‘tlarga qarshi kurashish choralari va organik mahsulotlarni yetishtirish uchun xalqaro tajribalarni o‘rganmoqda. Talabalar yotoq joylarida alohida shinam oshxona, ovqatlanish va yuvinish xonalari bo‘lib, tozalik va gigiyena talablari ta’minlangan. Talabalar bilan suhbatda ular davlatimiz tomonidan, qolaversa, institut tomonidan yaratib berilgan bunday imkoniyatdan xursandligini aytishdi.

Xalqaro darajadagi ilm-fan yutuqlarini mukammal o‘zlashtirgan va uni sohaga qo‘llay oladigan kadrlar barcha sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida ham o‘z samarasini beradi, degan fikrdamiz. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda yo‘lga qo‘ymas ekanmiz, sohada rivojlanish bo‘lmaydi”.

Husniddin XONQULOV,

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar

instituti prorektori, dotsent.