Samarqandliklar onaxoni Farog‘at opa haqida so‘z

Farog‘at opani samarqandliklar o‘zidan avval ovozini taniganlar. Ilk faoliyatini radioda boshlagan Farog‘at Shokirova o‘sha yillardayoq yoqimli ovozi, teran fikrlari bilan samarqandliklarning ko‘nglini zabt etgan edi.

Mutaxassisligi bo‘yicha filolog emasmi, qayerda bo‘lmasin so‘zni chertib, tanlab gapiradi. So‘zi orqali odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga urinadi. Shuning uchunmi, keyin mahalla tizimida ish boshlaganida bu fazilati ancha asqotdi.

Oilalarni yarashtirish deysizmi, yoshlarga milliy qadriyatlarimizni singdirish, yosh oilalarda o‘zbekona an’analarni shakllantirish kabi qator, bir qaraganda bajarish imkonsiz tuyulgan vazifalarni amalga oshirishga jon jahdi bilan kirishdi. Atrofdagilarni ham shunchaki ishlashiga yo‘l qo‘ymaydi. Uzoq yillar davomida mahalla tizimida asosan xotin-qizlar, oila masalalari bilan ishlar ekan, bu sohaning past-balandini doim his qilib turar, yaxshi tomonlarini ko‘zlari yonib, muammolarni kuyunib gapirganlariga ko‘p guvoh bo‘lganman. Farog‘at opa ayni kunlarda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlab kelmoqda.

Opaaning mahalla fuqarolar yig‘ini tarkibidagi “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash”, “Xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi” faoliyatini jonlantirish borasidagi sa’y-harakatlari natijasida viloyatda 2021 yilda 500 dan ortiq oilaning ajralib ketishining oldi olingan.

Shuningdek, Farog‘at opaning sa’y-harakatlari bilan Samarqand viloyat teleradiokompaniyasida oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish va xotin-qizlar muammolari mavzuidagi «Ayol va oila», «Bir kam dunyo», «Ayol va jamiyat», «Qaynonalar o‘giti», «Mustahkam oila - jamiyat tayanchi», «Sog‘lom bola - sog‘lom kelajak», «Iqtidorli yoshlar mamlakat tayanchi» turkumidagi ko‘rsatuv va radioeshittirishlar doimiy berib borilmoqda.

F.Shokirova mahallalarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oilalarda o‘zaro hurmat, hamjihatlik va ahillik muhitini barqarorlashtirish borasidagi ko‘p yillik xizmatlari bilan el-yurt hurmatini qozongan.

Farog‘at opa 2016 yilda “Yilning eng yaxshi ma’naviyat targ‘ibotchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egallagan. 2019 yilda “Mo‘’tabar ayol”, 2020 yilda “Saxovat va ko‘mak”, 2021 yilda “Mahalla iftixori” va “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.

U 2021 yil davomida respublika “Mahalla-besh tashabbus beshigi”, “Adolatli qaynona”, “Ibratli oila”, “Kitobxon oila”, “Nafosat” ko‘rik-tanlovlarining hududiy bosqichlarini tayyorlash va o‘tkazishda bosh bo‘lgan.

Shuningdek, o‘z mahallasining faollaridan biri sifatida, doimiy ravishda yosh oilalar bilan ish olib borib, ularning mustahkamligini ta’minlash borasida maslahat va ko‘magini ayamaydi. Shu bilan birga mahallada o‘tkaziladigan barcha tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish, hasharlar tashkil qilishda faollik ko‘rsatib kelmoqda.

Ibratli oila bekasi sifatida farzandlarini bilimli, hunarli, xalqiga munosib insonlar etib tarbiyalamoqda.