Momoqaldiroq yoxud Iskandar rais yura­gidagi g‘ulg‘ula

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi Mamatqul Hazratqulov bugun 76 yoshini qarshiladi. M.Hazratqulov 1947 yil 1 fevralda Urgut tumanida tug‘ilgan.

Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, O‘zbekiston Milliy Axborot agentligida faoliyat yuritgan. Ayni paytda “Guliston” jurnalida bosh muharrir vazifasida mehnat qilmoqda.

M.Hazratqulovning “Oq qush”, “Cho‘li iroq”, “Hayotning bir parchasi”, “Intizor”, “Quyosh men tomonda”, “Qo‘zichoqning ko‘z yoshlari”, “Jur’at”, “Eshiklar ochiq”, “Ko‘kko‘l”, “Diydor”, “Sevgi sozi” kabi hikoya va qissalar to‘plamlari chop etilgan.

“Mehnat shuhrati” va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan.

Quyida yozuvchining hikoyalaridan birini o‘qiysiz.

***

MOMAQALDIROQ

Raykom byurosi tamom bo‘lganda yomg‘ir sharillatib qu­yardi. Shundanmi, rayon markazi ko‘chalarida odam siyrak. Ahyon-ahyonda o‘tayotgan mashinalar ko‘chaning halqob joylari­dagi yomg‘ir suvlarini ikki tarafga sachratib ketadi.

Iskandar rais byurodan suvga tushgan lattaday shalvirab chiqdi. U hech qachon bunchalik shalling bo‘lmagan edi. Butun vujudi zirqirab qaqshar, o‘zini bir zambil loyday, balki undan-da og‘irroq his qilardi. Xrom etiklarini ko‘tarishga go‘yo madori yetmasdi.

U hafsalasizlik bilan marmar zinalardan tushdi. Yo‘l chetida turgan mashinasiga borguncha ust-boshi jiqqa ho‘l bo‘ldi. U buni sezmadi, xayolidan har xil fikr kechdi: «Nega munday bo‘ldi? Birinchi nima uchun meni bunchalik qattiq sa­valadi? Yana byuroda, hammaning oldida-ya! Nega?».

Rais mashina eshigini qanday ochganini bilmadi. O‘zi­ni «Volga»ning orqa o‘rindig‘iga tashladi. Raisni bunaqa ahvolda ko‘rmagan Bo‘rivoy hayron qoldi.

– Qayoqqa?

– Go‘rga.

Bo‘rivoy raisga o‘girilib qaradi.

– Nimaga o‘qrayasan? Haydasang-chi!

– Nazokatxonnikigami?

– O‘chir ovozingni! – o‘shqirdi rais. – Farosat bormi o‘zi?!

– Axir hamisha byurodan keyin...

– Bo‘ldi, qisqa qil! Uyga hayda...

Mashina chiroqlari qorong‘ilik bag‘rini xanjardek ti­lib bormoqda. Rais miq etmas, goh-gohida uf tortib qo‘yardi. U xayolini tizginlab ololmas, sekretarning dashnomiga o‘zicha sabab qidirar, ammo biron-bir jo‘yali asos topolmay dili xufton bo‘lardi.

«Yo‘q, sekretar bekorga savalamadi. Bu yerda bir gap bor. Kimdir g‘alamislik qilgan, unga oldi-qochdi gaplar­ni yetkazgan. Chigit ekish kechikkan bo‘lsa menda nima ayb? Jo‘rttaga orqaga surganim yo‘q-ku! Menam vaqtliroq ekib olay deyman. Osmonning tagi teshilganday yomg‘ir tinma­sa, qo‘limizdan nima keladi?! Tabiiy sharoitni hisobga olishmasa... Bunaqa masalada Qodir Sobirovich malades edi. Tushunardi. Ha, endi u kishi boshqa odam edi-da. Bular nimani bilardi. Dehqonchilik qilib yuriptimi. Akademik bo‘lsayam dehqonchilikni bilmasa qiyin-da. Ekish uch-to‘rt kun kechikkan bilan osmon uzilib tushmaydi-ku! Yoki ekuvsiz qop ketarmidi? Barorini bersa bas. Oldin-keyin ekkanga qaramaydi. Erta bahordayoq dovaraga dov solib, ekishni tu­galladik deb raport berganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Chigitni qayta-qayta ekadi, qancha urug‘ ketadi ortiqcha, o‘zinikini tamomlab, qo‘ni-qo‘shnidan qarz ham oladi. Qancha mehnat, ovoragarchilik... G‘alvir suvdan ko‘tarilgan pallada esa il­dizini qurt yegan palakday shalpayib, dami ichiga tushib qo­ladi. Qiyg‘ir urgan bedanaga o‘xshab bo‘ynini ichiga tortib, atrofga javdiraydi. Bahonasi – chigit qayta ekilgan... Jo‘­jani kuzda sanaydilar...»

Rais sigaret tutatdi. Sal hovuridan tushdi.

– Menga qara, Bo‘rivoy, – u mashina o‘rindig‘iga o‘mganini tashladi. – Bir necha yildan beri birga ishlaymiz. Sendan yashiradigan sirim yo‘q. Aytgin-chi, bordi-yu, men seni ko‘p­chilikning o‘rtasida nohaqdan-nohaq izza qilsam nima qi­larding?

Bo‘rivoy raisning ahvoliga endi tushundi. «Ha, demak byuroda kaltak yegan. Zo‘rdan zo‘r chiqipti-da. Meni so‘zimni ikkita qiladigan odam hali tug‘ilmagan deb hammani zor qaqshatasan. Arzimagan narsaga odamlarning dilini og‘ri­tasan. Birovni mensimaysan. Seni shoxingni qayiradigan ham topilipti-ku. Shunaqa, peshonasi toshga tekkanda ochila­di odamning ko‘zi. Shu mashinaning tili bo‘lsa, aytsin, qan­cha so‘kkansan meni. Qancha ermak qilgansan. Andishaning oti qo‘rqoq... Endi o‘zingga kepsan». Bo‘rivoy bu gal ham andisha chegarasini buzib o‘tolmadi. Dilidagini tiliga chiqarmadi. «O‘zi-ku bo‘lgancha bo‘pti, menam o‘lganning ustiga chiqib tep­mayin. Mardning ishimas bu. Izzai-mo‘min – harom».

– Bilmadim, rais bova.

Rais yana tutaqib ketdi.

– Hey, qanaqa odamsan o‘zi? Qachon bir nima so‘rasam «bilmadim», deysan. Nimani bilasan o‘zi?! Biron narsa desang-chi axir, munday.

Iskandar raisning bu gapiga Bo‘rivoyning jahli chiqma­di, aksincha kulgisi qistadi. Lekin kulmadi. «Qattiq sava­lapti-da». U o‘ylanib qoldi. Ko‘zlari mashina chiroqlari yoritib ketayotgan o‘ydim-chuqur yo‘llarda. Yomg‘ir sharros quyar, mashina g‘ildiraklari tez-tez ko‘lmaklarga tushib-chiqardi.

– To‘g‘risini aytsam maylimi, rais bova? – dedi Bo‘rivoy.

– Xo‘sh, gapir...

– Bordi-yu, meni birov bekordan-bekor so‘ksa, yuzimni shuvut qilsa, o‘sha odamning betiga qaytib qaramasdim.

Rais oynadan sigaret qoldig‘ini irg‘itdi-da, orqaga su­yandi. «Buyam balo. Gap nimadaligini tushunganga o‘xshaydi».

– Lekin, uka, dunyoning ishlari sen o‘ylaganchalik oson emas.

Shunaqa paytlar bo‘ladiki, begunoh ekaningni bilib tur­sang ham tanqid qilgan odamga qarshi biron narsa deyol­maysan, haqligingni isbotlayolmay qolasan. Ichingda g‘i­jinasan, asabiylashasan, o‘sha odamni bolaxonador qilib so‘kasan ham, ammo ko‘ziga tik qarab bir og‘iz so‘z qaytarol­maysan. Bildingmi, uka?

– Nimaga shunday, rais bova? – o‘smoqchiladi Bo‘rivoy.

– Kim biladi deysan. Balki odamlar o‘zidan qo‘rqar...

– Yo‘q, rais bova, kim biladi emas, hamma biladi. Un­nan keyin, odamlar o‘zlaridan emas, mansabidan, stolini tortib olishlaridan qo‘rqadilar. Axir hammayam shunday­mas-ku, – rais haydovchining gaplariga jiddiy quloq sol­di. – Masalan, men kimdan qo‘rqaman, yoki mening nimamni tortib oladi. Olsa, moshinasini oladi. Bu moshina bo‘lma­sa boshqasi, boshqasiyam bo‘lmasa ketmon. Ketmonni hech kim ololmaydi.

– Lekin ketmon bilan hech qayoqqa borib bo‘lmaydi-da hozir.

Bo‘rivoy kuldi:

– Heh, rais bova, qayoqqa ham borardik. Nima qilsak ham, kim bo‘lib yashasak ham, baribir eng so‘nggida ketmonga, ket­monchiga ishimiz tushadi... Busiz bo‘lmaydi.

Raisning g‘ashi keldi. U Bo‘rivoyni ko‘pdan bilar, ammo bunchalik gapdonligini sezmagandi. Aslini olganda rais haydovchisi bilan hech qachon yaqinroq, samimiy gaplashma­gan. Iskandar rais buni hozir birinchi marta his qildi. Bu­ning uchun Bo‘rivoyga qarshi miq etmadi. Qaytanga gap boshlaganidan afsuslandi.

– Durustsan-ku, – dedi achchiq kinoya bilan. – Shuncha gaplarni bilarkansan-u, mendan yashirib yuribsan-a.

Bo‘rivoy raisning pichingini fahmladi.

– To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmas ekan, – haydovchi raisga qa­rab qo‘ydi.

– Tiling juda uzun bo‘lib ketipti-ku, Bo‘rivoy?!

Bu gap Bo‘rivoyning jahlini chiqardi. U ozg‘in, chayir qo‘l­lari bilan mashina rulini mahkamroq siqib ushladi. O‘rni­dan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi.

– Sizga oson: gapim yoqsa, yolg‘ondan bo‘lsayam maqtab qo‘yasiz, yoqmasa, urishasiz, so‘kasiz... Menga o‘xshagan bechoralar esa...

– Bo‘ldi! O‘rgildim sendaqa «bechora»dan... O‘z izzatini bilmagan nonko‘r! Kiyikday mashinaning rulini tutqazib qo‘yibman-a, sen ko‘rnamakka!

– Nima do‘q qilasiz menga. Bo‘ldi-da, endi. Qachon bir joydan fe’lingiz aynib chiqsa, alamini mendan olasiz. Nima, sizga o‘yinchoqmanmi? Nari borsa bitta aravakash-da, istaganimcha haqorat qilaveraman, qo‘lidan nima kelardi, deysiz-da, – u tobora qizishib borardi. O‘zini bosmoqchi bo‘lar, ammo ichki bir tug‘yon, dard bunga yo‘l qo‘ymas, yuragi­da tosh bo‘lib yotgan dardlarini to‘kib solishga undardi. – Yo‘q, unday emas, rais bova, mavridi kelganda aytib qo‘yay, meni ko‘p kalaka qilavermang. Bo‘ldi! Boshqa chidayolmayman. Oxirgi gapim shu: mening qop ketadigan davlatim ham, sag‘ir qoladigan bolam ham yo‘q. Bir so‘qqabosh odamman. Shuning uchun hech kimdan, hech narsadan qo‘rqmayman.

Iskandar rais Bo‘rivoyga yeb qo‘ygudek bo‘lib tikildi. Bo‘rivoy buni sezmadi. «Bu tirrancha meni qo‘rqitmoqchimi yoki hammasi lalmi do‘qmi? Raykomdagi gaplar yetmovdi­mi? Tavba! Hali burnini eplab artolmaydigan zumrasha gap qaytaryaptimi?! Meni kim deb o‘ylayapti o‘zi bu? Raykomda­yam menga bunaqa muomala qilishmagan-a! Anavi sekretar gapirdi qo‘ydi-da. Zarari yo‘q, hali yangi, yaxshi bilmaydi meni. Asta-sekin tushunib oladi. Yana shunaqa kattalik qil­sa o‘zim bilaman nima deb javob qaytarishni. Men bilan bellashgan ne-ne azamatlarning pixini qayirib, popugini pasaytirib qo‘yganman».

– Sen bunaqa balandparvoz gaplaringni bas qilgin, bola. Laylak bilan tenglashaman deb chumchuqning puti yirilgani­ni eshitganmisan?!

Bo‘rivoy o‘zini tutolmadi:

– Men siz bilan teng bo‘lmoqchimasman. Siz kimsiz – Is­kandar raissiz, men-chi oddiy shofyor. Buni bilaman. Lekin sizning yetimchangiz emasman! Siz ham shuni bilib qo‘ying!

– O‘chir uningni! – baqirdi Iskandar rais. – Menga gap qaytarishni kim qo‘yipti senga?! Tilingni...

Bo‘rivoy raisning gapini oxirigacha eshitmadi. Chapdast­lik bilan motorni o‘chirdi-da, mashinaning kalitini sug‘u­rib olib raisga otdi:

– Oling matahingizni! – uning tim qora, dumaloq ko‘zla­ri yana ham yiriklashdi, rangpar yuzlari oqarib ketdi. A’­zoyi badani titrab, gapirolmay qoldi. – Nima men... Nima men... si-i-zga k-kalaka bo‘ldimmi?.. Kattaligingizni boshqa odamga q-qilasiz... Men ko‘tarmayman...

Bo‘rivoy shartta mashinadan tushdi-yu, eshikni zarb bi­lan yopdi. U sharros quyayotgan yomg‘irga ham, ketma-ket guldi­rayotgan momaqaldiroqqa ham parvo qilmay ildamlab ket­di. O‘chirilmay qolgan mashina chiroqlari yorug‘ida rais uni aniq ko‘rib turardi. Bo‘rivoy ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ikki marta ko‘lmakka oyog‘ini tiqib oldi. Ammo u hech qayoqqa qara­may, hech narsaga e’tibor bermay jadal ilgarilab borardi.

Rais hang-mang bo‘lib qoldi. Bo‘rivoyning bu darajaga borishini yetti uxlab tushida ko‘rmagandi. Bo‘lmasa, bunaqa g‘idi-bidilar, eh-he, necha marta bo‘lgan. Hammasida ham Bo‘rivoy ranjigan, ko‘ngliga olgan, ammo yelkasini qisib ishini qilib ketavergan. «Bugun nimaga bunday qildi? Qayerdan paydo bo‘ldi bu yurak unda? Yo birov o‘rgatdimikan?.. Hammasini ko‘ngliga tugib, payt poylab yurgan ekan-da. Ha, tirmizak, rosa vaqtini topdi lekin».

Rais bosib-bosib sigaret tortdi. Yomg‘ir zo‘raygan­dan-zo‘rayar, mashinaning ustida birov o‘yinga tushayotganday dapir-dupir qilardi. Yalt etib chaqmoq chaqdi. Rais beixti­yor Yomonjardagi Burgutqoyaga qaradi. Bolaligida Yomonjar, Burgutqoya haqida ko‘p vahimali gaplar eshitgandi. Hozir ularni eslashga ham yuragi dov bermasdi. Nazarida bahay­bat qoya momaqaldiroq zarbidan qulab tushayotgandek tuyul­di. «Padaringga la’nat. Kelib-kelib shu yerda qoldirasan­mi?!» Rais jahl bilan tishlarini g‘ijirlatdi. Haydovchisi hozir oldida bo‘lsa bo‘riday g‘ajib tashlardi. «Heh, tavba, kambag‘alning orqa tomiri tarang bo‘ladi, deb bekorga ay­tishmasakan-da. Senga kim qo‘yipti do‘ngmo‘yinlikni. Undan ko‘ra aka deb qo‘ltig‘imga kirmaysanmi ahmoq. Bu turishingda go‘r bo‘larmiding. Hammagayam shunaqa xo‘qqilik qilsang, yig‘ishtir taxta-o‘qlovingni deb orqangga tepadiki... Se­ning halolligingu, or-nomusing – hammasi bir pul... Hali ko‘zi ochilmagan kuchukvachchasan. Eh go‘dak! Osmonda yurganga o‘xshaysan. Shoshmay tur, o‘zim tushirib qo‘yaman yerga. Shunda ochiladi o‘sha ko‘r ko‘zlaring...»

Yomg‘ir tobora avjiga chiqar, yo‘llar, ariqlar bo‘tana suv­ga to‘lib oqardi. Rais dam-badam Burgutqoyaga qarab qo‘ydi. Yomonjar tomondan nimaningdir uvillayotgani eshitildi. Raisning eti uvishib, badaniga chumoli o‘rmalaganday tuyul­di. Bu qo‘rquvdanmi, sovuqdanmi – anglolmadi. Bir mishiqi shu qora yomg‘irli tunda notavon qilib ketgani alam qildi unga. Bo‘rivoyning orqasidan yugurmoqchi, unga yetib olib rosa kaltaklamoqchi bo‘ldi. «Adabini berib qo‘ymasam... To‘xta, Iskandar! Nimalar deyapsan? Urasan. Kimni? O‘g‘ling qatori bola bilan yoqalashib o‘tirasanmi? Yo‘q, u bezbet hech narsadan qaytmaydi. Ular ho‘kiz boltadan toymas, qaytarib solsa bormi... Nima degan odam bo‘lasan? Birov eshitsa, gap- so‘z ko‘payib ketadi. Unga-ku baribir. Qaytanga Iskandar ra­isni urdim deb maqtanadi».

Rais shularni xayol qildi. O‘rnidan qo‘zg‘alishga, mashina eshigini ochishga quvvati yetmas, aniqrog‘i botinolmasdi. Plashini yelkasiga tashlagancha qunishib o‘tirar, faralar­ning xira tortib borayotgan yorug‘ida chor atrofga olazarak termilardi. Burgutqoyaning uchginasida momaqaldiroq juda qattiq gumbirladi. Osmonning bir parchasi uzilib tushgan­day bo‘ldi.

Chaqmoq, momaqaldiroq, kuchli yomg‘ir Iskandar rais yura­gida g‘ulg‘ulani oshirar, u g‘ujanak bo‘lib qolgandi. Rais endi hech narsani o‘ylamas, o‘ylay olmas edi...

Mashina chiroqlari batamom o‘chdi. Yomg‘ir chelaklab quyar, yaqin atrofda yilt etgan uchqun ko‘rinmasdi...

1977 y.