Tabarruk dargohga e’tiqodi baland muharrir edi

“Zarafshon” gazetasi nafaqat ijodkorlar maktabi, balki elga tanilgan tashkilotchi rahbarlarni ham tarbiyalagan tabarruk dargoh hamdir. Viloyat hokimining o‘rinbosari, Urgut tumani hokimi lavozimlarida ishlagan Xolmuhammad Nurullayev shunday insonlardan biri edi. Hayot bo‘lganida bugun 69 yoshga to‘lardi. 

U Urgut farzandi. Samarqand davlat pedagogika institutida tahsil oldi. Internat-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Jurnalistikaga ishtiyoq uni “Jizzax haqiqati” gazetasi tahririyatiga yetakladi. Toshkentda “Yosh leninchi” gazetasi tahririyatida muxbir bo‘ldi. 1983 yildan “Lenin yo‘li” ijodiy muhitida toblandi. O‘tkir fel’yeton va publitsistik maqolalari bilan elga tanildi. “Xalq so‘zi” suvidan ham ichdi.

Olti yil viloyat hokimligida mas’ul vazifalarda ishlagach, 1997 yili “Zarafshon”ga bosh muharrir bo‘lib keldi. Yangilikka intiluvchan, ijod hissi bilan nafas oladigan Xolmuhammad Nurullayev tahririyatda ijodiy erkinlik muhitini yaratdi.

U doimo “Zarafshon”ni ulug‘ bildi, yuqori lavozimda ishlagan kezlari ham qutlug‘ dargoh eshigini unutmadi. Tabarruk dargohga e’tiqodi balandligidan o‘zi biladigan, birga ishlagan ijodkor do‘stlari davrasini sog‘inib-sog‘inib yashardi.

U “Nuri so‘nmas dargoh bu” (“Zarafshon” gazetasi, 2002 yil 18 may) sarlavhali maqolasida bu haqda to‘lqinlanib yozgandi.

“... “Zarafshon”da kechgan yillarim qadri vaqt o‘tgan sari men uchun oshib boryapti. Zero, oppoq qog‘ozu boshi chaynalgan qalam bilan bu hayotdan ko‘p narsa topdim. Toza do‘stlar, chala mehr og‘aynilar, Samarqand pastu balandlarini anglash... mayli bular ham kerak. Lekin eng muhimi, bu tabarruk dargoh menga dunyoga uyg‘oq va hushyor, gul deb tikanning ustiga oyoq bosmaslik nazari bilan qarashdan saboq berdi. Hayotimda “Saboq - xulosa - hosila” zanjirini yaratdi. Har inson topgan va yo‘qotganlarini o‘zi biladi va o‘ziga yetadi. Men bugun “Zarafshon” dargohidan bir qadam berida kechgan 11 yillik umr - ish - hayot yo‘limdan nolimayman, aslo, beadad shukr. Zero, bu katta yo‘l ostonasi ham “Zarafshon”da qo‘yilganidan minnatdorman. 15 oy bu tabarruk gazeta bosh muharrirligi nasib etgani nur ustiga o‘zimga yarasha taxallusim monand Nur bo‘ldi, deb o‘ylayman”.

Afsuski, bevaqt o‘lim 2006 yilda “Zarafshon”ning haqiqiy do‘sti va sodiq a’zosini juda erta oramizdan olib ketdi.