“Samarqandliklarni yaxshi ko‘raman”

Mamasoliyev Xayrulla, tadbirkor. Bir necha yildan beri tadbirkorlik, kinoprodyuserlik, rejissyorlik ishlaridan ortib turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib keladi.

Xayrulla aka 4 yil oldin Samarqand shahrida ilk marta ijtimoiy do‘kon ochgan, unda saxovatli samarqandliklar tomonidan berilgan kiyim va boshqa zarur buyumlar ehtiyojmandlarga bepul berilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Pandemiya davrida Xayrulla Mamasoliyev bemorlarga kislorod konsentratorlarini bepul ijaraga berishni yo‘lga qo‘ydi. O‘shandan buyon samarqandlik ko‘ngillilar yordami bilan 50 ta kislorod konsentratori yig‘ilgan va bemorlar zarur vaqtda foydalangan.

Xayrulla aka Sardoba fojiasidan so‘ng jabr ko‘rgan sirdaryoliklar uchun zarur jihozlar, oziq-ovqat va kiyim-kechak yig‘ish aksiyasini e’lon qildi. Minglab yurtdoshlarimiz bu aksiyani qo‘llab-quvvatlab, 19 ta yuk mashinada Sardobaga yordam jo‘natilgandi.

Yaqinda Turkiyada yuz bergan zilzila butun dunyoni larzaga soldi. Xayrulla Mamasoliyev bu safar ham yordam aksiyasi e’lon qildi. Samarqand ahli ko‘magi bilan qisqa fursatda uchta yuk mashinasida oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur buyumlar qardosh turk xalqiga yuborildi.

- Samarqandliklardan faxrlanaman, chunki ular hamisha yordamga shay. Men tashkilotchiman, xolos, nimaiki qilgan bo‘lsak barchasi xalqimiz yordami bilan amalga oshgan, - deydi Xayrulla Mamasoliyev.