Samarqandning 6 tumanida oqava suv tarmoqlari barpo etiladi
Xalqaro moliya institutlari ishtirokida Samarqand viloyatining 6 ta tumani markazlari va shahar tipidagi aholi punktlari oqava tizimlarini yaxshilash loyihasi ishlab chiqilgan. Qiymati 117,5 million AQSh dollarini tashkil etuvchi loyihaga ko‘ra, viloyatda 9 ta oqava suvlarini tozalash inshootlari, 185 kilometrdan ortiq kanalizatsiya tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan.
Jumladan, joriy yilda Oqdaryo tumani markazi - Loyish shaharchasining 14 ming nafardan ziyod aholi yashovchi xonadonlari kanalizatsiya tarmoqlariga ulanadi. Yangi oqava suvlarini tozalash inshooti qurilib, 19,5 kilometr masofaga oqava suv tarmog‘i tortiladi. Buning uchun 10,9 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, Ishtixon tumani markazi hamda Mitan shaharchasida oqava suvlarini tozalash inshootlari va 42 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari tortiladi. 25 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflanadigan loyiha amalga oshirilgach, 25,4 ming aholi istiqomat qiluvchi hududlarda oqava suv tizimida muammo bo‘lmaydi.
Shuningdek, Kattaqurg‘on, Payariq, Qo‘shrabot hamda Past Darg‘om tumanlarida ham kanalizatsiya tarmoqlari yangilanadi.
Bugungi kunda har bir loyihaning pasporti, anotatsiyalari va boshqa birlamchi hujjatlar tayyorlanib, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga kiritilgan.
D.TO‘XTAYeV.