SamDAQI talabalarining munozara klubi tashkil etiladi
Unga turkiyalik mutaxassislar ham jalb qilinadi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdi.
– Yurtimizda qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lami yil sayin oshib bormoqda, – dedi E.Turdimov. – Tabiiyki, eng sara, zamonaviy loyihalarga, qurilish tashkilotlariga va mutaxassislarga talab kuchaymoqda. Shu paytgacha bu talabni xorij hisobiga qondirishga, ya’ni xorijdagi loyiha institutlariga, arxitektorlarga, hatto quruvchilarga murojaat qilishga majbur edik. Mana endi o‘zimizning mutaxassislarimiz o‘sha darajaga yetyapti, chetda malaka oshirib kelyapti. Oliy ta’lim tizimidagi yangilik va o‘zgarishlar tufayli o‘zimizda ham ana shunday malakali, zamonaviy fikrlaydigan yoshlar qatlami yuzaga keldi. Afsuski, ulardan, ularning bilim va tajribasidan samarali foydalana olmayapmiz. Haykaltarosh, arxitektor, dizayner kerak bo‘lsa, avvaldan ma’lum bo‘lgan bir-ikki shu soha kishilarga murojaat qilishga o‘rganib qolganmiz. Yoshlarni eshitmaymiz, ularning g‘oyalari bilan qiziqmaymiz.
Uchrashuvda viloyat hokimi institut iqtidorli talabalarining munozara klubini tashkil etish va eng yaxshi g‘oya, tashabbuslarni o‘rganib, ularni birgalikda muhokama qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, bundan buyon viloyat shaharsozlik kengashining yig‘ilishlariga ham iqtidorli talaba yoshlar taklif etiladi, ularning fikrlari eshitib boriladi. Institutning o‘zida ham badiiy-texnik kengash tashkil etiladi.
Institut rektori Chidem Turkyilmaz ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, klubga Turkiyadagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va mutaxassislarni taklif etishini ta’kidladi.