Barqaror arxitektura: Bugun va kelajakning yutuq va muammolari
18-19 may kunlari Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada dunyoning turli mamlakatlari, xususan, Yaponiya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon arxitektura sohasi professorlari, fan doktorlari ishtirok etdi.
Anjumanning dastlabki kuni Registon maydonining Sharq arxitekturasi namunasi asosida bunyod etilgan Mirzo Ulug‘bek madrasasida tashkil etildi. Universitet rektori Chidem Turkyilmaz konferensiya ishi kelgusida universitet va Samarqand shahri uchun arxitektura va qurilish sohasida juda foydali bo‘lishini ta’kidlab, yangi loyiha va takliflar amaliyotda qo‘llanilishini bildirdi.
Unda “Kichik shaharlardagi me’moriy merosning 3D arxivi, Xokkaydo misolida” “BIM texnologiyalari ishtirokida loyihalash”, “Bitumning balandligi va fizik-reologik xususiyatlarining ta’sirini o‘rganish”, “O‘rta asr Ozarbayjon me’moriy ansambllari”, “Qozog‘istonda energiya tejamkor arxitektura” singari dolzarb mavzularda chiqishlar qilinib, tadqiqotlar natijalari muhokama qilindi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ikkinchi kuni ishtirokchilar shu’balarga bo‘linib, “Arxitektura va qurilish sohasida barqaror energiyadan foydalanish muammolari”, “Shaharsozlik ekologiyasi muammolari va ularning zamonaviy yechimlari”, “Tarixiy shaharlar markazi va hududini qayta tiklashda energotejamkor binolarni qurish muammolari”, “Qayta tiklanuvchi energiyani qurilish amaliyotiga tadbiq qilish muammolari”, “Landshaft arxitekturasining amaliy muammolarini yechish” kabi mavzularda muhokamalar o‘tkazdi.
Konferensiya yakunida umumiy rezolyusiya qabul qilindi.
Dilnoza Kamolova.