SamDAQU va HENGDA o‘rtasida yirik hamkorlik loyihasi imzolandi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti va Xitoyning HENGDA Qurilish sifatini nazorat qilish byurosi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Ushbu kelishuv asosida Qurilish muhandislik sifatini nazorat qilish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Institut Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilg‘or laboratoriyalardan biriga aylanishi, qurilish loyihalari uchun sifat nazoratini amalga oshirishi, talabalar va olimlar uchun amaliyot va tadqiqot maydoni bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Shartnomaga ko‘ra, HENGDA kompaniyasi tomonidan 4 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Dastlab 1 million dollarlik texnik uskunalar yetkaziladi.
Universitet esa institut faoliyati uchun 2000 kv.m tadqiqot maydoni, 200 kv.m ofis, yashash va infratuzilma sharoitlari bilan ta’minlaydi.
Institut birgalikda boshqariladi: HENGDA ulushi — uskunalar, SamDAQU ulush — joy va ilmiy kadrlar.
Shuningdek, talabalarga amaliyot o‘rinlari yaratiladi, ilmiy loyihalarda hamkorlik qilinadi, xalqaro anjumanlar va forumlar tashkil etiladi.
Ushbu kelishuv “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoy–O‘zbekiston ilmiy-ta’lim hamkorligining amaliy natijasi bo‘lib, mintaqaviy taraqqiyotga hissa qo‘shadi.