Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti masofaviy ta’limni rivojlantirmoqchi
Jahonda pandemiya sabab masofaviy ta’limning imkoniyatlari yanada kengaydi. Ba’zi davlatlar xorijlik talabalarni onlayn o‘qishiga ruxsat bergan bo‘lsa, ba’zi davlatlar xorijlik talabalar uchun vaqtinchalik ta’lim tizimi eshiklarini yopdi. Samarqand shahar yoshlar markazida Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti rektori Chidem Janbay Turkyilmaz bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani masofaviy ta’lim tizimiga bag‘ishlandi.
- Masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish orqali nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijlik talabalarni ham qamrab olishni rejalashtiryapmiz, - dedi Chidem Janbay Turkyilmaz. – Bu albatta, oson emas. Ammo yaqin kelajakda talabalar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofadan o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Masofaviy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish borasida raqamli informatsiyani yaxshilashimiz lozim. Bu borada edu.uz subdomenidan foydalanish uchun oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishildi. 2021 yil 7 oktyabrdan institutda yangi www.samdaqi.edu.uz subdomenidan amaliyotda foydalanib kelinmoqda.
Institut tomonidan Microsoft kompaniyasidan 400 nafar professor-o‘qituvchi va 10 ming nafargacha talaba uchun bepul ta’lim litsenziyalari olindi. Natijada institutning barcha professor-o‘qituvchilari, rahbat xodimlari va talabalari uchun www.samdaqi.edu.uz subdomeni bilan elektron pochta manzillari yaratilib, bulutli ish tizimi amaliyotga joriy etildi (Har bir foydalanuvchi 1 TV bulutli xotiraga ega).
Bulutli tizim yordamida talabalar va professor-o‘qituvchilar uchrashuvlar o‘tkazishlari, birgalikda ishlashlari, kontent yaratishlari va resurslarni almashishlari mumkin. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar hamkorlikdagi elektron sinfxonalarni yaratishi mumkin. Talabalar va professor-o‘qituvchilar butun dunyo bo‘ylab professional o‘quv jamoalariga o‘zaro bog‘lanish imkoniyatlariga ega. Talabalar darsda qatnashishi va o‘z topshiriqlarini dunyoning istalgan burchagidan kompyuter yoki mobil telefon orqali topshirishi mumkin.
Bundan tashqari, institut o‘quv binolari, talabalar turar joylarida ham yuqori tezlikdagi internet va texnologiya vositalaridan oson foydalanishni ta’minlashni rejalashtirgan.
Xurshida ERNAZAROVA.