Chidem Turkyilmaz: Institutimizda mutlaqo yangi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilinadi, qurilish sohasida xorijdan mutaxassis jalb qilish ehtiyoji kamayadi

Bundan olti oy oldin Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga Turkiyadan kelgan mutaxassis rektor etib tayinlangandi. Bu haqda xabar tarqalganida, tabiiyki, keng jamoatchilikda kim u, qayerda o‘qigan, ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar qila oladi, degan qiziqish paydo bo‘lgandi. Institut rektori Chidem Turkyilmaz bilan suhbatimiz aynan shu haqda bo‘ldi. 

- O‘zbekistonga ilk bor qachon kelgansiz? Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga rahbar bo‘lishingiz qanday kechdi?

- Avvaldan O‘zbekiston bilan uzviy aloqalarim bor edi. Bu yurtga birinchi marta 2021 yilning mart va iyun oyida ikki marta keldim. Sentyabrda esa shahringizga Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga rektor sifatida tashrif buyurdim. Institutga rektor bo‘lib kelishim tasodifan sodir bo‘lmadi. O‘zbekistondagi qurilish firmalarida turkiyalik shogirdlarim mehnat qilmoqda. Ular orqali institutga rahbar izlanayotganini eshitdim va hujjatlarimni qurilish vazirligiga yubordim. Nomzodlar ichidan meni ma’qul ko‘rishdi va institutga rektor etib tayinlandim.

- O‘zingiz haqingizda ham gapirib bersangiz.

- Men Turkiyaning Istanbul shahrida tug‘ilib, katta bo‘lganman. Ota-onam Bolqon yarim orolidan, biz asli anatoliyaliklar hisoblanamiz. Arxitektura bo‘yicha bakalavriat, magistratura va PhD diplomini Istanbuldagi Yildiz Texnik universitetida olganman. PhD davrida ma’lum muddat Niderlandiyada ham o‘qidim. Magistratura yo‘nalishida o‘qish bilan birga, universitetning arxitektura fakultetida assistent lavozimida ishladim. Bu yerga rahbar bo‘lib kelgunimga qadar Yildiz Texnik universitetida faoliyat olib bordim. Dotsentlik lavozimini ham o‘sha universitetda oldim.

- Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ilk ishni nimadan boshladingiz? O‘zga davlatda, notanish odamlar ichida rahbar bo‘lish qiyinchilik tug‘dirmadimi?

- Birinchi navbatda, institutning o‘sha vaqtdagi holati, ichki muhiti haqida umumiy tushunchaga ega bo‘lishim kerak edi. Buning uchun avvalo, institutda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar tarkibi bilan tanishdim va o‘zim uchun ba’zi yo‘nalishlarni belgilab oldim. Ikkinchidan, institutning mavjud axborot texnologiyalari infratuzilmasi holatiga e’tibor qaratdim. Bu borada zarur tekshiruvlar o‘tkazdim va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rdim. Uchinchidan, institutimizda tahsil olayotgan talabalar bilan ko‘proq uchrashuvlar o‘tkazdim va bu uchrashuvlar an’anaviy tarzda davom etib kelmoqda.

Menda musofirlik tajribasi avvaldan bor edi, shuning uchun sharoitga moslasha olaman. Ammo bu yerda musofirlikni his qilmadim. O‘zbekiston va Turkiya azaldan til, din, urf-odat, madaniyat jihatidan bir-biriga o‘xshash. Shu sababli bu yerda men o‘zimni chet ellik deb hisoblamayman.

- Bizdagi ta’lim dasturlari bilan Turkiya oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qitish tizimining farqi nimada? Sizga yoqqan, yoqmagan tomonlari bo‘ldimi?

- Eng katta farqni oliy ta’lim tizimining qanday tashkil etilganligida ko‘rishimiz mumkin. 2001 yilda Turkiya o‘z nomzodini Yevropa Ittifoqiga taqdim qilgan. O‘sha paytda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishning talablaridan biri oliy ta’lim tizimini ham Boloniya tizimiga kiritish bo‘lgan. Bu shunday tizimki, unda berilgan darajalar milliy va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinadi, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida birdek muomalaga kiritiladi. O‘sha paytda Turkiyadagi barcha oliy ta’lim muassasalari Boloniya tizimiga moslashtirilgan. Turkiya oliy ta’lim muassasalari tomonidan beriladigan ilmiy daraja va unvonlar talablari Yevropa malaka doirasi (EQF) asosida ishlab chiqilgan. Turkiyadagi aksariyat oliy ta’lim muassasalaridagi diplom va ilmiy darajalar milliy va xalqaro darajada tan olinadigan diplomlar sirasiga kiradi. Afsuski, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich juda past. Shu bois O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilayotgan diplomlarning jahon miqyosida tan olinishi va ularning muqobilligini ta’minlashda hamon qiyinchiliklar mavjud. O‘zbekistondagi istalgan oliy o‘quv yurti tomonidan berilgan diplomning dunyo miqyosida tan olinishini ta’minlash uchun hozirdan ishga kirishishimiz va tezroq Boloniya tizimiga o‘tishimiz kerak. Aksariyat Yevropa mamlakatlari shu tizim bo‘yicha ishlaydi.

- Boloniya tizimi haqida tushuncha bersangiz, uning qanday afzalliklari bor?

- Yevropa Ittifoqi tashkil topgach, davlatlar o‘rtasida hamma sohada kelishuvga erishilgan. Xuddi shuningdek, Boloniya shahrida oliy ta’lim sohasida markazlashgan tizim yaratilgan. O‘zimizning sharoitdan kelib chiqib tushuntiradigan bo‘lsam, masalan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoyda arxitektura sohasida o‘qitiladi, ammo har xil ta’lim beriladi. Boloniya tizimiga o‘tilgan mamlakatlarda ta’lim dasturlari bir xil. Uning afzalligi – talabalar mobilligi yaxshi yo‘lga qo‘yilganida. Masalan, Polshada bir yil o‘qigan talaba ikkinchi kursni Yevropaning boshqa mamlakatida bemalol davom ettirib keta oladi. Bizda o‘qigan talaba esa oilaviy sharoiti sabab boshqa mamlakatga boradigan bo‘lsa, u yerda o‘qishini davom ettirishi juda qiyin. Qozog‘iston va Ozarbayjonda ham ba’zi universitetlar Boloniya tizimiga o‘tgan.

- Bizdagi oliy ta’lim muassasalarining top-1000 talikka kira olmayotganining sababi ham shundami?

- Ha, to‘g‘ri aytayapsiz. Aslida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining top-1000 talikka kirolmayotganining sababi ham mana shu. Bizda xalqaro integratsiya yo‘q. O‘zimizning institutimiz misolida aytadigan bo‘lsam, bizdagi o‘quv dasturlari, rejalari jahon standartlariga mos emas.  

- O‘zimizda arxitektura-qurilish instituti bo‘lgani holda Samarqanddagi ko‘p qavatli uylar turkiyalik mutaxassislar yordamida qurilyapti. Nega institut jahon standartlariga mos yetuk mutaxassislar tayyorlab berolmayapti?

- Siz haqiqatan ham eng muhim va o‘z navbatida og‘riqli masalani ta’kidlab o‘tdingiz. Qisqacha qilib shuni aytishim mumkinki, qurilish sohasiga aloqador amaldagi oliy ta’lim tizimi zamonaviy emas va kundan kun rivojlanib borayotgan bugungi kun qurilish sohasi talablariga javob bermaydi. Shuning uchun ham bitiruvchilar yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega emas. Xabaringiz bor, institutimiz faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha Prezident qarori (Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida) tayyorlanmoqda, yaqin kunlarda imzolanishi kutilmoqda. Ushbu qaror beradigan vakolatlar doirasida biz 2022 yilning sentyabr oyidan institutimizda zamon talablariga mos mutlaqo yangi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni birinchi bosqichga qabul qilishni rejalashtirganmiz. Shu bois bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, yaqin yillarda O‘zbekistonda, ayniqsa, qurilish sohasida xorijiy davlatlardan mutaxassislarni jalb qilish ehtiyoji asta-sekin kamayadi. Ularning o‘rnini har tomonlama bilimli, raqobatbardosh, yosh mahalliy bitiruvchilar egallaydi, degan umiddaman. Hozirgi kunda institut ma’muriyati tajribali professor-o‘qituvchilar jamoasi bilan hamkorlikda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasini tahliliy o‘rgangan holda yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish va o‘quv rejalarini tayyorlash ustida ishlamoqda.

- Rektor bo‘lganingizdan so‘ng Turkiyaga bir necha bor safar qilganingizni eshitdik. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qanday loyihalarni amalga oshiryapsiz?

- To‘g‘ri, men Turkiyada 2021 yilning oktyabr, dekabr oylarida bo‘lib, Istanbuldagi universitetlar bilan hamkorlik shartnomalari imzoladim. SamDAQI va Istanbul Kultur Universiteti (IKU) bakalavriat bosqichida qo‘shma 2+2 ta’lim dasturini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu qo‘shma ta’lim dasturida ta’lim tili sifatida ingliz tili belgilangan. Bu borada barcha zarur hujjatlar tayyorlandi va hozirgi kunda tomonlar shartnoma bandlari ustida ish olib bormoqda.

Bundan tashqari, Turkiyaning Mimar Sinan tasviriy san’at universiteti bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzoladik. Institutimiz Fotih Sulton Mehmet universiteti bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi to‘g‘risida shartnoma tuzdi.

Ushbu yangi shartnomalardan tashqari, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Xitoy, Janubiy Koreya, Malayziya, Germaniya, Avstriya, Vengriya, Polsha, Portugaliya kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga egamiz. Xalqaro hamkorlik shartnomalari men uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan mana shu masala yuzasidan deyarli har kuni institutning xalqaro aloqalar bo‘limi bilan ishlayman.

- Istaymizmi-yo‘qmi, ta’lim sohasida korrupsion holatlar uchrab turadi. Siz institutda korrupsion holatlarga duch keldingizmi?

- Bu yerdagi faoliyatim davomida jiddiy korrupsion holatlarga duch keldim deya olmayman, ammo elementlarini uchratdim. Talabalar bilan juda yaxshi munosabatdaman, shuning uchun ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri menga murojaat qilishadi. Korrupsiya bo‘yicha o‘zimning qarashlarimni institut jamoasiga aniq, ochiq-oydin yetkazganman. Agar shunday holat yuz beradigan bo‘lsa, u xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

O‘zbekistonga aniq maqsad bilan kelganman, ya’ni hozirgi kunda o‘zim faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasasiga innovatsiyalarni olib kirish orqali oliy ta’limni rivojlantirishga va ilmiy tadqiqotlarning sifatini oshirishga o‘z hissamni qo‘shish. Albatta, xorijiy mamlakatda yetakchi bo‘lish oson emas. Bu yerdagi mehnat faoliyatimdan, qolaversa, shaxsiy hayotimdagi sokinlik va osoyishtalikdan mamnunman. O‘zbek xalqi, xususan, samarqandliklar bilan do‘stona munosabat o‘rnata oldim, deb o‘ylayman.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.